Huquqiy maslahat - bepul,tezkor, hammaga!

1 oktyabrdan qonunchilikda nimalar o‘zgaradi?

  • 30.09.2024
  • 852 marta o'qildi

Ish haqi, eng kam ish haqi va BHM oshiriladi

 Byudjet tashkilotlarida ishlaydigan tibbiyot xodimlari, shuningdek maktabgacha, umumtaʼlim, o‘rta maxsus, kasb-hunar va maktabdan tashqari taʼlim muassasalari va tashkilotlari, “Muruvvat” internat uylari, Bolalar uylari va “Mehribonlik” uylari, bolalar sanatoriyalarida ishlaydigan pedagog xodimlarning ish haqi miqdori 15 foizga oshiriladi.

Byudjet tashkilotlari xodimlarining ish haqi miqdori, tibbiyot va pedagog xodimlardan tashqari, 10 foizga oshiriladi.

Eng kam ish haqi miqdori  –  oyiga 1 155 000 so‘m, BHM – 375 000 so‘m etib belgilanmoqda.

Modulli mehmonxonalarga subsidiyalar  

2026 yil 31 dekabrga qadar  tadbirkorlik subyektlari tomonidan modulli mehmonxonani qurish va jihozlash (rekonstruksiya qilish bundan mustasno) xarajatlarining bir qismini qoplash uchun Turizmni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasidan bir martalik subsidiya ajratiladi.

Subsidiyalar 2024 yil  oktyabrdan 2026 yil 1 noyabrga qadar bo‘lgan muddatda muvofiqlik sertifikatiga ega yangi tashkil etilgan modulli mehmonxonaga beriladi. To‘lovlarni olish uchun mehmonxonada kamida 10 ta modul bo‘lishi kerak. 

 Turoperatorlar va mehmonxonalarga  QQSning bir qismi qaytariladi

 Turoperatorlik va mehmonxona xizmatlarini ko‘rsatuvchi tadbirkorlik subyektlariga har oyning 25-sanasiga qadar to‘langan QQSning 20 foizi qaytariladi.

 Oliy Majlis huzuridagi Fuqarolik jamiyati institutlarini qo‘llab-quvvatlash jamoat fondi mablag‘lari hisobidan amalga oshiriladigan davlat grantlari va davlat ijtimoiy buyurtmalari loyihalari doirasida to‘lanadigan quyidagi soliq turlari bo‘yicha belgilangan soliq stavkalari 50 foizga kamaytiriladi.

 Normativ huquqiy hujjatlar loyihalarini soddalashtirilgan va kengaytirilgan baholash tartibi joriy etilmoqda. 

 Soddalashtirilgan tartibda loyiha ishlab chiqilishidan oldin quyidagi tartibga solish vositalari baholanadi va baholash natijalari yuzasidan Adliya vazirligining dastlabki xulosasi olinadi:

  • majburiyat, talab, taqiq, javobgarlik yoki boshqa cheklovlarni belgilash, ularni o‘zgartirish yoxud talablarga rioya qilishni yoki ularni bajarishni taʼminlash bilan bog‘liq taʼsir choralarini qo‘llash;

  • tadbirkorlik subyektlariga taqdim etilayotgan imtiyoz, preferensiya va davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlashning boshqa turlarini joriy qilish, ularning taʼsir doirasini kengaytirish yoki qisqartirish.

Kengaytirilgan tartibda quyidagi normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari baholanadi:

  • soddalashtirilgan baholash natijalari bo‘yicha iqtisodiy, ijtimoiy va atrof-muhitga taʼsiri darajasi yuqori deb topilgan loyihalar;

  • Oliy Majlis palatalari, Prezident Administratsiyasi va Vazirlar Mahkamasi topshiriqlari hamda baholash sohasidagi vakolatli organlar, jamoatchilik va boshqa manfaatdor tomonlarning taklifiga ko‘ra kengaytirilgan baholashdan o‘tkazilishi lozim deb topilgan loyihalar.

 Ovchilik guvohnomasini olish uchun yangi qoidalar

  • Ovchilik guvohnomasini olishga nomzodlar maxsus kurslarda o‘qitiladi;

  • ovchilik guvohnomasi muomalaga layoqatli, 18 yoshga to‘lgan, o‘quv kurslarini tugatgan va test sinovlaridan muvaffaqiyatli o‘tgan jismoniy shaxslarga Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali 2 yil muddatga beriladi;

  • ovchilik guvohnomasini rasmiylashtirganlik uchun to‘lov bazaviy hisoblash miqdorining 2 baravari miqdorida, nafaqadagi va II guruh nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun bazaviy hisoblash miqdorining bir baravari miqdorida belgilanadi.

Zargarlik sohasiga imtiyozlar 

 2027 yil 1 oktyabrgacha:

  • zargarlik sanoatida foydalaniladigan ligaturani import qilishda maxsus tovarlarni import qilish uchun litsenziya olish talabi bekor qilinadi;

  • O‘zbekiston hududiga olib kiriladigan va zargarlik sanoatida foydalaniladigan ligatura bojxona boji to‘lashdan ozod qilinadi;

  • O‘zbekistonda ishlab chiqarilmaydigan va zargarlik sohasida foydalaniladigan, ro‘yxatlar bo‘yicha import qilinadigan uskunalar, qadoqlash va etiketka mahsulotlari bojxona boji to‘lashdan ozod qilinadi;

  • «Uzbek Jewellery Fair» xalqaro ko‘rgazma-savdosi doirasida O‘zbekiston norezidentlari tomonidan respublika hududiga vaqtincha olib kiriladigan va keyinchalik qaytarib olib chiqiladigan zargarlik buyumlariga nisbatan bojxona yig‘imlari bekor qilinadi. 

  •  Zargarlik sohasi ustidan nazorat kuchaytiriladi 

    Davlat probir nazorati inspeksiyasi va uning hududiy bo‘linmalariga quyidagilarga ruxsat beriladi:

  • Tadbirkorlik subyektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha vakilni xabardor qilish yo‘li bilan zargarlik buyumlari bilan chakana savdo qilish qoidalariga rioya etilishini tekshirish, ularning probasini aniqlash va tamg‘alash bilan bog‘liq nazorat tadbirlarini o‘tkazish;

  • nazorat tadbirlarini o‘tkazishga “O‘zbekzargarsanoati” uyushmasi mutaxassislarini jalb qilish;

  • zargarlik buyumlarini ishlab chiqarish yoki sotish faoliyatini boshlash (tugatish) to‘g‘risidagi xabarnomalarni qabul qilish bo‘yicha o‘z funksiyalarini autsorsing asosida Savdo-sanoat palatasiga o‘tkazish.

  • Ayollar va bolalar uchun birlamchi ko‘mak xonalari ishga tushiriladi 

    Barcha hududlarda shoshilinch qabul bo‘limida tunu-kun ishlaydigan birlamchi  ko‘mak xonalari tashkil etiladi. 

     Nogironligi bor shaxslar uchun sharoitlar yaxshilanadi

     Rekonstruksiya qilinadigan va taʼmirlanadigan obyektlarning shaharsozlik hujjatlari loyihalarining texnik qismi shaharsozlik normalari va qoidalarida belgilangan nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun sharoit yaratish bo‘yicha talablarga muvofiqligi yuzasidan majburiy ekspertizaga yuboriladi.

    Shahar yo‘lovchi transporti xizmatlari I guruh nogironligi bo‘lgan shaxslarga va ularning bir nafar kuzatuvchisiga bepul taqdim etiladi. 

    Ixtisoslashtirilgan (ruhiy, ftiziatriya va pulmonologiya, pediatriya) tibbiy-ijtimoiy ekspert komissiyalar (TIEK) tomonidan nogironlikni belgilash bekor qilinadi. Bu funksiya tumanlararo va tuman (shahar) TIEKlariga o‘tkaziladi. 

     Davlat xaridlari jarayoni takomillashtiriladi

    Davlat buyurtmachilari tomonidan to‘g‘ridan-to‘g‘ri shartnomalar ular tuzilishidan oldin kamida bir ish kuni, shuningdek, tender savdolari natijalariga ko‘ra rasmiylashtirilgan bayonnomalar davlat xaridlari maxsus axborot portaliga joylashtirish orqali kamida ikki ish kuni davomida jamoatchilik muhokamasidan o‘tkaziladi.

    Yagona yetkazib beruvchilar reyestriga bozorda muqobillari bo‘lmagan va texnik jihatdan murakkab tovarlarni yetkazib beruvchilar monopoliyaga qarshi kurashish organining xulosasi asosida kiritiladi. 

    Davlat xaridlari elektron tizimiga ushbu tizimdan ro‘yxatdan o‘tgan yuqori barqarorlik reytingiga ega bo‘lgan tadbirkorlik subyektlarini ular tomonidan ishlab chiqariladigan (yetkazib beriladigan) tovarlarga (ishlarga, xizmatlarga) mos keladigan davlat buyurtmasining tizimga joylashtirilganligi to‘g‘risida xabardor qilish funksiyasi kiritiladi. 

    Uy parrandasi go‘shtini olib kirishga imtiyozlar bekor qilinadi

    Yangi so‘yilgan, sovitilgan yoki muzlatilgan uy parrandasi go‘shti va qo‘shimcha ozuqabop mahsulotlari (butun go‘sht, qanot, bel, bo‘yin, okorochok, golen, son, qiyma va teri) O‘zbekiston hududiga olib kirishda bojxona boji bo‘yicha imtiyoz berilgan edi.  

    O‘quv markazlari reytingi tuziladi 

    Yoshlar ishlari agentligi har yili xususiy o‘quv markazlarining Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahri kesimidagi reytingini tuzishni boshlaydi hamda rasmiy veb-saytida eʼlon qilib boradi. 

Chat