Huquqiy maslahat - bepul,tezkor, hammaga!

Markaziy bank asosiy stavkani yillik 14% darajasida o‘zgarishsiz qoldirdi

  • 25.03.2026
  • 27 marta o'qildi

Regulyator narxlar barqarorligini taʼminlash va inflyatsion kutilmalarni pasaytirish uchun qatʼiy pul-kredit siyosatini davom ettirish zarurligini taʼkidladi.


Bugun, 18 mart kuni Markaziy bank boshqaruvining navbatdagi yig‘ilishida asosiy stavkani o‘zgarishsiz — yillik 14% darajasida qoldirish to‘g‘risida qaror qabul qilindi, deb xabar qildi regulyator matbuot xizmati.

Hisobotda qayd etilishicha, so‘nggi oylarda ayrim oziq-ovqat mahsulotlari narxlarining o‘sishi fonida umumiy inflyatsiyaning pasayish tendensiyasi sekinlashgan va uning darajasi deyarli o‘zgarishsiz qolgan. Shu bilan birga, yuqori isteʼmol faolligi va tashqi sharoitlardagi inflyatsion xavflar saqlanib qolayotgani inflyatsiyani o‘rta muddatli maqsad darajasiga tushirish uchun qatʼiy pul-kredit sharoitlarini saqlashni taqozo etmoqda.

2026 yil boshidan iqtisodiyotda inflyatsion jarayonlar maʼlum darajada jadallashdi. Natijada bazaviy inflyatsiya o‘sish trayektoriyasiga o‘tib, fevral oyida yillik hisobda 6,3% ni tashkil etdi. Shu bilan birga, mavsumiy omillar taʼsirining kamayishi hisobidan umumiy inflyatsiya 7,3% darajasida shakllanib, sezilarli o‘zgarish kuzatilmadi.

Oziq-ovqat mahsulotlari narxlarining o‘sishi esa inflyatsion kutilmalarning yuqori darajada saqlanishiga sabab bo‘lmoqda.

Iqtisodiy faollik umumiy talab hisobiga yuqori darajada saqlanmoqda. Bu chakana va ulgurji savdo aylanmasi dinamikasida, ko‘chmas mulk oldi-sotdi operatsiyalari sonida, shuningdek, byudjet xarajatlarining ijrosida namoyon bo‘lmoqda. Ushbu omillar sanoat, xizmatlar sohasi va qurilishda barqaror o‘sish surʼatlarini qo‘llab-quvvatlamoqda.

Mazkur davrda ishlab chiqaruvchilar narxlarining sezilarli o‘sishi kuzatildi. Yuqori talab sharoitida bu ishlab chiqarish xarajatlarining yakuniy narxlarga o‘tishi va keyinchalik isteʼmol narxlarida aks etishi ehtimolini oshiradi.

Qayd etilishicha, tashqi iqtisodiy sharoitlarda geosiyosiy taranglikning kuchayishi ham narxlar uchun oshuvchi xavflarni yuzaga keltirmoqda. Xususan, global taʼminot zanjirlaridagi uzilishlar natijasida jahon bozorida energiya resurslari va oziq-ovqat mahsulotlari narxlarining o‘sishi, shuningdek, logistika yo‘nalishlaridagi o‘zgarishlar tufayli transport xarajatlarining oshishi kutilmoqda. Bu esa import narxlari orqali inflyatsiyaga qo‘shimcha bosim yuzaga keltirishi mumkin.

Asosiy savdo hamkorlari valyutalarining barqarorligi bo‘yicha ijobiy kutilmalarning yaxshilanishi, oltin narxlarining yuqori darajada saqlanishi, shuningdek eksport tushumlari va pul o‘tkazmalari barqaror o‘sishi milliy valyuta real almashuv kursiga jiddiy bosim yo‘qligini ko‘rsatmoqda.

Iqtisodiyotda kreditlash surʼatlari bosqichma-bosqich meʼyorlashmoqda. Qatʼiy pul-kredit sharoitlari isteʼmol kreditlari segmentida makroprudensial choralar bilan birga qo‘llanilib, umumiy talab muvozanatini taʼminlash va narxlarga ortiqcha bosimni kamaytirishga xizmat qilmoqda.

Yuqoridagi omillarni hisobga olgan holda, Markaziy bank narxlar barqarorligini taʼminlash va inflyatsion kutilmalarni pasaytirish uchun qatʼiy pul-kredit siyosatini davom ettirish zarurligini taʼkidladi.

Chat