Huquqiy maslahat - bepul,tezkor, hammaga!

O‘zbekistonda banklarning naqd pul bilan ishlash tartibi yangilanadi

  • 19.11.2026
  • 39 marta o'qildi

2027-yil 19-fevraldan banklarni naqd pul bilan ta’minlash, mijozlarga naqd pul berish va yangi banknot hamda tangalarni muomalaga chiqarish bo‘yicha yo‘riqnoma kuchga kiradi.


Markaziy bank boshqaruvi tasdiqlagan yo‘riqnoma 2026-yil 17-noyabrda 3977-son bilan davlat ro‘yxatidan o‘tkazildi.

Mijozlar birinchi talabiga ko‘ra naqd pul olishi mumkin

Banklar aholi va xo‘jalik yurituvchi subyektlarga hisobvaraqlaridagi mablag‘lar doirasida birinchi talabga ko‘ra, qonunchilikda belgilangan tartibda naqd pul berishni uzluksiz ta’minlaydi. Bank kassalari muomaladagi naqd pulni nominal qiymati bo‘yicha qabul qiladi.

Markaziy bank va tijorat banklari bir nominaldagi banknot yoki tangalarni boshqa nominaldagi pul belgilariga talabga ko‘ra bepul ayirboshlaydi.

Banklar naqd pul ehtiyojini oldindan hisoblaydi

Banklar oylik naqd pul kirimi va chiqimi prognozini tegishli oy boshlanishidan kamida 3 bank ish kuni oldin elektron shaklda taqdim etadi. Kassalar va bankomatlarni ta’minlash uchun naqd pul qoldiqlari hamda kutilgan kirim va chiqim har kuni tahlil qilinadi.

Ortiqcha naqd mablag‘i bor banklar uni elektron maydon orqali taklif qiladi, ehtiyoji bor banklar esa elektron talabnoma yuboradi. Naqd pulni banklar o‘rtasida inkassatsiya xizmati tashiydi.

Yangi banknot va tangalar haqida oldindan xabar beriladi

Pul belgilaridagi yozuvlar lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosida bo‘ladi. Ularda nominal, Markaziy bank nomi, namuna tasdiqlangan yil, Davlat gerbi yoki bayrog‘i tasviri va himoya elementlari ko‘rsatiladi. Banknotlarda nominal so‘z bilan ham yoziladi, seriya va raqam, to‘lovga qabul qilish majburiyligi hamda qalbakilashtirganlik uchun javobgarlik haqidagi yozuvlar bo‘ladi.

Markaziy bank yangi namuna va uning tavsifini muomalaga chiqarish sanasidan kamida bir hafta oldin ommaviy axborot vositalarida e’lon qiladi.

Rasmiy manba — 3977-son bilan ro‘yxatdan o‘tkazilgan yo‘riqnoma, Lex.uz

Chat