Hukumat qarori (253-son, 21.06.2023 y.) bilan “Avtomototransport vositalarini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish va ularga ro‘yxatdan o‘tkazish davlat raqami belgilarini berish tartibini takomillashtirish to‘g‘risida”gi qarorga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritildi
Qaror bilan oshirilgan to‘lov stavkalari bo‘yicha beriladigan I, IA, IE, IAE, III, IIIA, IIIE, IIIAE tipidagi avtotransport vositalari uchun ro‘yxatdan o‘tkazish davlat raqami belgilarining ro‘yxati yangilandi.
2023 yil 1 iyuldan auksion savdolari orqali sotilishi belgilanmagan, harflari bir xil kombinatsiyada bo‘lgan 680 juft davlat raqami belgilari 6-toifaga doir boshlang‘ich narxda auksion savdolariga qo‘yiladi.
Shuningdek, avtomobil boshqa shaxsga o‘tkazilganda uning oshirilgan stavkada olingan “chiroyli raqami” yo‘l harakati xavfsizligi organlarida 12 oyga saqlanishi mumkin. Undan keyin yana 12 oyga saqlash uchun BHMning 1 baravari (330 ming so‘m) miqdorida pul to‘lanadi.
Ilgari qo‘shimcha 12 oy saqlash tartibi bo‘lmagan, 12 oydan keyin “chiroyli raqam” olib qo‘yilgan.
Auksionda raqobat tartiboti amalga oshmadi deb eʼtirof etilganda (ikkinchi g‘olib rad etgan yoki xaridorlar mavjud bo‘lmaganda), axborot tizimida avtotransport vositalari uchun RO‘DRBni oshirilgan to‘lov stavkasi bo‘yicha berishni 5 kun muddat ichida avtomatik ravishda qaytadan eʼlon qilinadi.
Ilgari aniq muddat belgilanmagan.