Huquqiy maslahat - bepul,tezkor, hammaga!

“Haj”ga borish uchun navbatda turgan ziyoratchilarning yagona onlayn navbati to‘g‘risidagi maʼlumotlar ochiq maʼlumotlar sifatida joylashtiriladi

  • 29.11.2023
  • 958 marta o'qildi

"Korrupsiyaga qarshi kurashish tizimini yana-da takomillashtirish hamda davlat organlari va tashkilotlari faoliyati ustidan jamoatchilik nazorati tizimi samaradorligini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida" Prezident Farmoni qabul qilindi

Farmonga ko‘ra, Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi: 

  • har chorakda davlat organlari va tashkilotlari kesimida sodir etilgan korrupsiyaga oid jinoyatlarni tahlil qiladi va ushbu jinoyatlar ko‘rsatkichi oshgan davlat organlari va tashkilotlariga kechiktirib bo‘lmaydigan chora-tadbirlar belgilash uchun Agentlik xodimlari ishtirokida ko‘rib chiqilishi majburiy bo‘lgan taqdimnoma kiritib boradi;

  • har yarim yilda jinoyatlarning oldini olish hamda ularga imkon bergan omillarni bartaraf etish bo‘yicha ko‘rilayotgan choralar Korrupsiyaga qarshi kurashish milliy kengashi yig‘ilishlarida tegishli davlat organlari va tashkilotlarining birinchi rahbarlari ishtirokida tanqidiy muhokama qilib boriladi.

2023 yil 1 dekabrdan ochiq maʼlumotlar sifatida joylashtirilishi kerak bo‘lgan ijtimoiy ahamiyatga molik maʼlumotlar ro‘yxati quyidagi maʼlumotlar bilan to‘ldiriladi:

  • hududlar kesimida “Haj” tadbiriga borish uchun navbatda turgan ziyoratchilarning yagona onlayn navbati to‘g‘risidagi (ziyoratga boruvchi shaxsning arizasi navbatga qo‘yilgan sana va ro‘yxatdagi tartib raqami) maʼlumotlar;

  • bolalarni davlat bog‘chalariga qabul qilish uchun berilgan arizalar navbati (ro‘yxati) to‘g‘risidagi (ariza navbatga qo‘yilgan sana, ro‘yxatdagi tartib raqami, yosh guruhi hamda tashkilot raqami) maʼlumotlar;

  • davlat organlari va tashkilotlarida davlat xaridlarini amalga oshirish tartib-taomillarini belgilovchi xarid komissiyasining ichki idoraviy tartibi (nizom, reglament, yo‘riqnoma yoki boshqa ichki idoraviy hujjat);

  • markaziy, hududiy va tizim tashkilotlarida bo‘sh ish o‘rinlari, ishga qabul qilish shartlari, nomzodlarga qo‘yiladigan talablar va taqdim qilinishi lozim bo‘lgan hujjatlar to‘g‘risidagi maʼlumotlar;

  • davlat organlari va tashkilotlari tomonidan nodavlat notijorat tashkilotlarga taqdim etilgan grant va ijtimoiy buyurtma loyihalari haqidagi maʼlumotlar, shu jumladan, g‘olib bo‘lgan nodavlat notijorat tashkilotlari va ularning buyurtma doirasida bajargan ishlari yuzasidan hisobotlari haqidagi maʼlumotlar.

Shuningdek, quyidagi jarayonlarni internet orqali jonli efirga uzatish tartibi joriy etiladi:

  • falsafa doktori (PhD) va fan doktori (DSc) ilmiy darajasini olish uchun ilmiy kengash tomonidan o‘tkaziladigan dissertatsiya himoyasi (yopiq ilmiy ishlar bundan mustasno);

  • o‘rta-maxsus va professional taʼlim muassasalarining, (shu jumladan, “Temurbeklar maktablari” harbiy-akademik litseylarining) test sinovlari hamda Prezident, ijod va ixtisoslashtirilgan maktablarga kirish imtihonlari;

OTMlar bazasidagi harbiy taʼlim fakultetlariga (harbiy kafedra) qabul qilishdagi saralash tanlovlarining quyidagi bosqichlari:

  • umumjismoniy tayyorgarlikni baholash;

  • chaqiriqqacha boshlang‘ich tayyorgarlik dasturi bo‘yicha bilim darajasini baholash.

Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligiga davlat organlari va tashkilotlarining qayta aloqa tizimi samaradorligi darajasini baholash maqsadida “Qayta aloqaning sirli mijozi” tadbirlarini tashkil etish va o‘tkazish vazifasi yuklatiladi.

Davlat organlari va tashkilotlarining ochiqlikni taʼminlashga masʼul xodimlarini ochiqlik sohasidagi milliy qonunchilik va xalqaro standartlar talablari bo‘yicha o‘qitishga qaratilgan onlayn malaka oshirish tizimi elektron platforma asosida yo‘lga qo‘yiladi.

Chat