Hukumat qarori (648-son, 07.12.2023 y.) bilan Texnikumlarda kredit-modul tizimida o‘quv jarayonini tashkil etish tartibi to‘g‘risidagi nizom tasdiqlandi
Nizomga ko‘ra, texnikumlarda kredit-modul tizimida o‘quv jarayoni kredit to‘plash va ko‘chirishning Yevropa modeliga (European Credit Transfer and Accumulation System – ECTS) muvofiq tashkil qilinadi.
Kredit-modul tizimi joriy etiladigan taʼlim dasturlari Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi tomonidan belgilanadi.
O‘quv yili davomiyligi taʼlim dasturi asosida belgilanadi. Akademik davr davomida o‘quvchi tomonidan to‘planishi lozim bo‘lgan kreditlar miqdori o‘quv rejasida ko‘rsatilgan majburiy va tanlov fanlarni o‘z ichiga oladi.
O‘quvchi bir o‘quv yilida kamida 60 kredit to‘plashi zarur. Texnikumlarda o‘quv yuklamasining hajmi o‘quv rejasi asosida belgilanadi.
Kredit-modul tizimida 1 kredit o‘rtacha 25-30 akademik soat hisobidagi o‘quv yuklamasiga teng qilib olinadi.
Bunda o‘quvchi muayyan fandan tegishli kreditlarni to‘plashi uchun belgilab olingan miqdordagi o‘quv yuklamasini o‘zlashtirishi zarur.
O‘quv yuklamasi auditoriya soati va mustaqil taʼlim soatiga bo‘linadi. Taʼlim dasturi o‘quv yili uchun o‘quvchi tomonidan, qoida tariqasida, bir semestrda 30 kredit, bir o‘quv yilida 60 kredit to‘plashi inobatga olinib ishlab chiqiladi.
Akademik qarzdor o‘quvchilarning tashabbusi bilan mavjud akademik qarzlarni topshirish texnikumda taʼtil vaqtida pulli asosda tashkil etiladi.