Prezident tomonidan imzolangan Qonun (O‘RQ-926-son, 13.05.2024 y.) bilan ayrim qonun hujjatlariga qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritildi
Soliq kodeksiga kiritilgan o‘zgartirishga ko‘ra:
Zargarlik buyumlarini ishlab chiqarish uchun foydalaniladigan qimmatbaho toshlarni O‘zbekiston hududiga olib kirish qo‘shilgan qiymat solig‘idan 2024 yil 1 yanvardan 2027 yil 1 yanvargacha ozod qilinadi.
Kasaba uyushmalari tizimidagi bolalar sog‘lomlashtirish oromgohlari negizida bolalarning dam olish mavsumidan tashqari davrda tashkil etiladigan dam olish uylarining va dam olish zonalarining mazkur yo‘nalishdagi xizmatlarni ko‘rsatishdan olgan foydasi 2026 yil 1 yanvargacha foyda solig‘idan ozod qilinadi.
“Turizm to‘g‘risida”gi Qonuniga kiritilgan o‘zgartirishga ko‘ra:
Kasaba uyushmalari tizimidagi bolalar sog‘lomlashtirish oromgohlari negizida bolalarning dam olish mavsumidan tashqari davrda tashkil etiladigan dam olish uylari va dam olish zonalari joylashtirish vositalari sifatida majburiy sertifikatlashtirishdan ozod etiladi.
Qonun rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.