Huquqiy maslahat - bepul,tezkor, hammaga!

Ayrim yoshlar til o‘rganganligi uchun moddiy rag‘batlantiriladi

  • 28.06.2024
  • 1124 marta o'qildi

Yoshlarni xorijiy tillarga o‘qitish tizimi samaradorligini oshirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Prezident Qarori (PQ-239-son, 27.06.2024 y.) qabul qilindi

Qarorga ko‘ra, Yoshlar ishlari agentligi zimmasiga quyidagi qo‘shimcha funksiyalar yuklandi:

  • yoshlarni xorijiy tillarga o‘qitish jarayonlarini takomillashtirish, talab yuqori bo‘lgan chet tillarini mukammal o‘zlashtirish uchun sharoitlarni kengaytirish;

  • xorijiy tillarni o‘qitish faoliyati bilan shug‘ullanuvchi YATTlar, o‘zini o‘zi band qilgan shaxslar hamda nodavlat taʼlim tashkilotlari (xususiy o‘quv markazlari), ushbu yo‘nalishda faoliyat yurituvchi boshqa nodavlat notijorat tashkilotlarini rivojlantirish va qo‘llab-quvvatlash, sohadagi muammolarni muntazam ravishda tahlil qilish va ularning yechimi bo‘yicha takliflar tayyorlash;

  • xususiy o‘quv markazlari reytingini shakllantirish hamda reytingda yuqori o‘rinni egallaganlarni rag‘batlantirish;

  • yoshlar orasida kasb-hunar va xorijiy tillarni o‘rganishni targ‘ib qilish, ushbu yo‘nalishdagi ijtimoiy loyihalar, ko‘rik-tanlov va olimpiadalarni tashkil etish.

Qarorga ko‘ra ayrim yoshlar til o‘rganganligi uchun moddiy rag‘batlantiriladi: 

  • imtihon topshirish xarajati qoplanadigan xalqaro imtihon tizimlari bo‘yicha ingliz, nemis, fransuz, koreys, xitoy va yapon tillaridan kamida S1 yoki unga tenglashtirilgan mos darajadagi sertifikat olgan yoshlarni imtihon topshirish xarajatlarini kompensatsiya qilishga qo‘shimcha ravishda o‘qish xarajatlarini qoplash uchun BHMning 3 baravari (1 mln 20 ming so‘m) miqdorida bir martalik moddiy rag‘batlantirish tizimi joriy etiladi;

  • 2024 yil 1 sentyabrdan 2027 yil 1 yanvargacha yoshlarning nemis, fransuz, koreys, xitoy va yapon tillari bo‘yicha xalqaro imtihon tizimlarida imtihon topshirish xarajatlari qoplab berilishi uchun ular tomonidan to‘planishi lozim bo‘lgan ballning (sertifikat darajasining) minimal ko‘rsatkichi bir pog‘ona pasaytiriladi.

Shuningdek, umumiy o‘rta taʼlim muassasalarining sinf xonalarini taʼlim jarayonidan bo‘sh vaqtda kasb-hunar va xorijiy tillarni o‘qitish faoliyatini amalga oshirish uchun to‘g‘ridan-to‘g‘ri shartnomalar asosida tekin foydalanish huquqi bilan xususiy o‘quv markazlariga berishga ruxsat etiladi. 

Bunda tegishli umumiy o‘rta taʼlim muassasalarining ro‘yxati Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi tomonidan tasdiqlanadi. 

Qarorga muvofiq,  2024 yil 1 oktyabrdan:

  • Yoshlar ishlari agentligi har yili xususiy o‘quv markazlarining Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahri kesimidagi reytingini tuzadi hamda rasmiy veb-saytida eʼlon qilib boradi; 

  • reyting natijalariga ko‘ra olis va chekka hududlarda faoliyat ko‘rsatuvchi eng yuqori ko‘rsatkichga ega 100 ta xususiy o‘quv markazining taʼlim jarayonida foydalanadigan bino va inshootlar uchun ijara to‘lovi xarajatlarining bir qismi kompensatsiya qilinadi.

2024–2026 yillarda oliy taʼlim tashkilotlarining xorijiy til filologiyasi taʼlim yo‘nalishi bo‘yicha 3 va 4-kursda tahsil olayotgan hamda kamida S1 darajadagi sertifikatga ega talabalariga umumiy o‘rta, o‘rta maxsus va professional taʼlim tashkilotlarida o‘qituvchi sifatida mehnat faoliyatini amalga oshirishiga ruxsat etiladi.

2024/2025 o‘quv yilidan ota-onalar va o‘quvchilar talabidan kelib chiqib, ixtisoslashtirilgan maktablar va kasb-hunar maktablarida chet tili sifatida nemis, fransuz, koreys, xitoy va yapon tillarini o‘qitishni yo‘lga qo‘yiladi.

2025 yil 1 yanvargacha ingliz tili, keyingi yillarda boshqa xorijiy tillar va zamonaviy kasblarni o‘rgatish bo‘yicha dunyoning yetakchi markazlari, oliy taʼlim tashkilotlari bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘yiladi hamda ularning xalqaro taʼlim standartlariga mos taʼlim dasturlari “Ibrat farzandlari” va “Ustoz” loyihalariga tatbiq etiladi.

Chat