Huquqiy maslahat - bepul,tezkor, hammaga!

Kuchli taʼsir qiluvchi moddalarni internetda tarqatish, reklama qilish, namoyish etish uchun javobgarlik belgilandi

  • 07.10.2024
  • 805 marta o'qildi

Prezident tomonidan imzolangan Qonun (O‘RQ-971-son, 05.10.2024 y.) bilan ayrim kodekslarga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritildi

Unga ko‘ra, Jinoyat, Jinoyat-protsessual kodekslariga hamda Maʼmuriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga giyohvandlik vositalarini, ularning analoglarini yoki psixotrop moddalarni telekommunikatsiya tarmoqlaridan va Internetdan foydalanish orqali qonunga xilof ravishda muomalaga kiritganlik, ushbu jinoyatlarni voyaga yetmaganlarni jalb qilgan holda sodir etganlik uchun javobgarlik choralari kuchaytirilmoqda.

Shuningdek giyohvandlik vositalarini, ularning analoglarini yoki psixotrop moddalarni, kuchli taʼsir qiluvchi va zaharli moddalarni o‘tkazish maqsadini ko‘zlamay qonunga xilof ravishda olganlik, saqlaganlik, tashiganlik yoki jo‘natganlik uchun maʼmuriy va jinoiy javobgarlik belgilanmoqda.

Jinoyat kodeksiga kiritilgan qo‘shimchaga ko‘ra, giyohvandlik vositalari, ularning analoglari yoki psixotrop moddalar hisoblanmaydigan alohida toifadagi kuchli taʼsir qiluvchi moddalarni o‘tkazish maqsadini ko‘zlamay qonunga xilof ravishda tayyorlash, olish, saqlash, tashish yoki jo‘natish, o‘sha harakatlar uchun maʼmuriy jazo qo‘llanilganidan keyin sodir etilgan bo‘lsa, quyidagi jazo choralaridan biri qo‘llanishi belgilandi:

  • BHMning 50 baravarigacha miqdorda jarima; 

  • 360 soatgacha majburiy jamoat ishlari; 

  • 3 yilgacha axloq tuzatish ishlari; 

  • 1 yildan 3 yilgacha ozodlikni cheklash; 

  • 3 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish.

Qonun rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.

Chat