Kambag‘al oilalar qo‘llab-quvvatlanadi
2025 yil 1 iyundan boshlab “qizil” toifaga kiritilgan oilalarning “aʼlo” baholarga o‘qiydigan talaba qizlariga Talabalarni rag‘batlantirish jamg‘armasi hisobidan bazaviy stipendiyaning ikki baravari miqdoridagi maxsus stipendiya to‘lanadi. Bu haqda prezidentning “Kambag‘al oilalarni davlat tomonidan ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash tizimini yana-da takomillashtirish to‘g‘risida”gi farmonida keltirib o‘tilgan.
Farmonga ko‘ra, 2025 yil 1 iyundan boshlab:
qonunchilik hujjatlarida Ijtimoiy himoya yagona reyestriga kiritilgan oilalar uchun belgilangan ijtimoiy xizmatlar, yordamlar va imtiyozlar Kambag‘al oilalar reyestriga kiritilgan oilalarga ham tatbiq etiladi, 2026 yil 1 yanvardan boshlab esa faqat Kambag‘al oilalar reyestriga kiritilgan oilalarga ko‘rsatiladi;
davlat xizmatlaridan foydalanish uchun bojlar, yig‘imlar va boshqa to‘lovlarni to‘lashda “sariq” toifaga kiritilgan oilalarga 50 foiz, “qizil” toifaga kiritilgan oilalarga esa 75 foiz miqdorida chegirmalar qo‘llanadi.
kambag‘al oilalar “qizil” yoki “sariq” toifadan “yashil” toifaga o‘tganda ular uchun qonunchilikda nazarda tutilgan davlat ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash choralari keyingi o‘n ikki oy muddatga saqlab qolinadi;
“qizil” toifaga kiritilgan oilalarga passiv daromad keltiruvchi qo‘llab-quvvatlash choralari taqdim etiladi.
Haydovchilar uchun yengilliklar
O‘zbekiston prezidenti topshirig‘i bilan, haydovchilarga yengillik yaratishga qaratilgan hukumat qarori qabul qilingandi. Qarorda keltirilgan ayrim o‘zgarishlar 2025 yil 1 iyundan ishga tushadi.
Jumladan, 2025 yil 1 iyundan boshlab yo‘l chiziqlarini bosib qoidabuzarlik sodir etish holatlarini avtomatlashtirilgan foto-video qayd etish moslamalari orqali qayd etishga yo‘l qo‘yilmaydi. To‘xtash chizig‘i – “stop-liniya” bundan mustasno.
Haydovchi chiziqni bosib olsa, bu qoidabuzarlik fotoradar yoki videokamera orqali qayd etilmaydi, demak, avtomatik ravishda jarima yozilmaydi. Lekin YPX xodimi tomonidan aniqlanganda, qoidabuzarlik o‘rnatilgan tartibda rasmiylashtiriladi.
Shuningdek, 2025 yil 1 iyundan boshlab, shaharlarda avtomobil yo‘llarini taʼmirlash yoki yo‘l chiziqlarini chizish bilan bog‘liq ishlarni soat 7:00 dan 21:00 ga qadar amalga oshirishga yo‘l qo‘yilmaydi. Dam olish kunlari, shuningdek, kechiktirib bo‘lmaydigan alohida holatlar bundan mustasno.
Nogironligi bo‘lgan shaxslarning bandligi oshadi
2025 yil 8 may kuni prezidentning “Nogironligi bo‘lgan shaxslarning bandligini taʼminlash tizimini takomillashtirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmon qabul qilingandi.
Hujjatga ko‘ra, 2025 yil 1 iyundan boshlab I va II guruh nogironligi bo‘lgan shaxslarni ishga qabul qilgan tadbirkorlik subyektlariga 50 mln so‘mgacha subsidiya ajratilishi belgilandi. Bunda:
subsidiya surdotarjimon, psixolog va hamrohlik xizmatini tashkil qilish xarajatlarini qoplash uchun ajratiladi;
jismoniy shaxslarga hamrohlik xizmatini o‘zini o‘zi band qilgan shaxs sifatida ko‘rsatishga ruxsat beriladi.
Bundan tashqari, 2025 yil 1 iyundan boshlab “Yagona milliy ijtimoiy himoya” axborot tizimida mehnatga layoqatli nogironligi bo‘lgan shaxslarning elektron reyestri yuritiladi, unda nogironligi bo‘lgan shaxslarning maʼlumoti va mehnat faoliyati to‘g‘risidagi maʼlumotlar shakllantiriladi.
Elektron reyestr maʼlumotlari masʼul davlat organlarining elektron dasturlari asosida real vaqt rejimida shakllantiriladi. “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazlari elektron reyestrga kiritilgan shaxslarning bandlik holatini monitoring qiladi.
Xitoyga vizasiz borsa bo‘ladi
O‘zbekiston va Xitoy o‘rtasida o‘zaro vizadan ozod qilish to‘g‘risidagi hukumatlararo Bitim (Chendu, 2024 yil 1 dekabr) 2025 yil 1 iyundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Bitim O‘zbekiston va Xitoy fuqarolarining ikki davlat hududiga o‘zaro vizasiz safarlariga doir masalalarni tartibga soladi.
Bitimga muvofiq, O‘zbekiston va Xitoy davlatlari fuqarolari ikki davlat hududlariga kirish, undan chiqish yoki tranzit qilish uchun har bir alohida bo‘lish muddati 30 kundan oshmaydigan muddatda va har qanday 180 kunlik davr ichida jami 90 kundan ortiq bo‘lmagan muddatda viza talablaridan ozod qilinadi.
Bunda ikki davlat fuqarolari davlatlari hududiga har bir kirish va bo‘lish muddati 30 kundan oshmasligi lozim. Agar fuqarolar 30 kundan ortiq qolishlari kerak bo‘lsa, ular kirish vizasini oldindan olishlari lozim.
Vizasiz rejim mehnat faoliyati, o‘qish va media faoliyati bilan shug‘ullanish, shuningdek, boshqa Tomon vakolatli organlarining oldindan roziligini talab qiladigan boshqa turdagi faoliyat bilan shug‘ullanishga nisbatan tatbiq etilmaydi.
Ko‘rsatilgan bitim Xitoyning Gonkong va Makao maxsus maʼmuriy hududlariga tashrif buyurishga nisbatan amal qilmaydi.
“Faol hayotga qadam” dasturi joriy etiladi
Prezidentning tegishli qaroriga ko‘ra, 2025 yil 1 iyundan o‘zgalar parvarishiga muhtoj voyaga yetgan shaxslarni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan “Faol hayotga qadam” dasturi joriy etiladi.
Dastur doirasida quyidagi 5 turdagi yangi ijtimoiy xizmatlar ko‘rsatilishi yo‘lga qo‘yiladi:
uy sharoitida ijtimoiy-maishiy yordam ko‘rsatish xizmati;
uy sharoitida qarab turish xizmati;
tibbiy-ijtimoiy reabilitatsiya xizmati;
kunduzgi qatnov asosida qarab turish xizmati;
shaxsiy yordamchi xizmati.
Dastur doirasidagi ijtimoiy xizmatlardan foydalanish xarajatlarining bir qismi vaucher asosida qoplab beriladi.
Vaucher qiymati Hukumat tomonidan belgilangan miqdorda subsidiya shaklida to‘lanadi.
Vaucher berish va uning qiymatini to‘lash “Yagona milliy ijtimoiy himoya” axborot tizimidagi “Oila hamkori” platformasi orqali amalga oshiriladi.
Xalqaro fan olimpiadalari g‘oliblariga katta mukofot beriladi
2025 yil 1 iyundan nufuzli xalqaro fan olimpiadalari g‘olib va sovrindorlariga to‘lanadigan bir martalik pul mukofotining amaldagi miqdori 5 baravarga oshiriladi. Bu haqda «O‘zbekiston Respublikasi prezidentining yoshlar bilan ochiq muloqotida belgilangan vazifalarni amalga oshirishga doir chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi farmonida belgilangan.
Bugungi kunda eng nufuzli olimpiadada 1-o‘rinni olgan o‘quvchiga BHMning 500 barobari (187,5 mln so‘m), xalqaro olimpiada g‘olibiga BHMning 150 barobari (56,25 mln so‘m), mintaqaviy olimpiada g‘olibiga esa BHMning 12 barobari (4,5 mln so‘m) miqdorida pul mukofoti beriladi.
Endilikda eng nufuzli olimpiadalarda (masalan, IMO – matematika, IBO – biologiya, IChO – kimyo, IPhO – fizika, IOI – informatika) g‘olib va sovrindor bo‘lgan o‘quvchilarga quyidagicha mukofot pullari beriladi:
1-o‘rin: 937 mln 500 ming so‘m (2500 baravar);
2-o‘rin: 562 mln 500 ming so‘m (1500 baravar);
3-o‘rin: 375 mln so‘m (1000 baravar).
Shuningdek, nufuzli xalqaro reyting tashkilotlarining yuqori 100 talik ro‘yxatiga kiritilgan xorijiy oliy taʼlim tashkilotlarida ilmiy daraja (PhD va unga tenglashtirilgan boshqa ilmiy daraja) olgan 35 yoshgacha bo‘lgan mutaxassislarga uy-joy sotib olish uchun uy-joy joylashgan hududdan kelib chiqib, o‘n yil muddatga BHM 2150 baravarigacha miqdorda foizsiz ssuda ajratiladi.
Boshqa o‘zgarishlar
2025 yil 1 iyundan boshlab:
TIEK tomonidan kasbga, sportga va taʼlimga tavsiya berish tartibi bekor qilinadi va TIEKning vaqtincha mehnatga layoqatsizlik varaqasining muddatini uzaytirish hamda maxsus jihozlangan transport vositasini boshqarish layoqatini belgilashga oid funksiyalari davlat tibbiyot muassasalariga o‘tkazilishi orqali tugatiladi;
taʼlim tashkilotlaridagi vatanparvarlik ruhida yoshlarni tayyorlash bo‘yicha direktor o‘rinbosari — harbiy chaqiriqqacha tayyorgarlik rahbari lavozimi tugatilib, shtat birliklari Mudofaa vazirligiga o‘tkaziladi va ushbu shtat birliklari hisobidan CHQBT rahbari lavozimi joriy etiladi;
Davlat chegarasi orqali avtomobil o‘tkazish punktlarida avtotransport vositalarining elektron navbat tizimi joriy etiladi;
maxsus iqtisodiy zonalar ishtirokchilari tomonidan mahsulotlarni ishlab chiqarish va eksportga realizatsiya qilish uchun foydalanadigan import xomashyo, material va butlovchi qismlarni bojxona to‘lovlarini (bojxona rasmiylashtiruvi uchun yig‘imlar bundan mustasno) to‘lamagan holda «tovarlarni bojxona hududida qayta ishlash» bojxona rejimiga joylashtirish orqali ularni bojxona rasmiylashtiruvidan o‘tkazish amaliyoti yo‘lga qo‘yiladi;
“O‘zbekkonsert” DM tomonidan Reyestr yuritiladi va unda jonli ijro etuvchi shaxslarning litsenziyasi raqami va berilgan sanasi, uning ijro etgan asarlari, tadbirlardagi ishtiroki hamda ommaviy axborot vositalaridagi chiqishlari to‘g‘risidagi maʼlumotlar qayd etiladi;
Bahrayn Qirolligi, Kuvayt davlati va O‘mon sultonligi fuqarolari uchun O‘zbekiston Respublikasi hududiga kirgan kundan eʼtiboran 30 kunlik muddatga vizasiz rejim belgilanadi;
yagona milliy turistik platforma orqali mehmonxona band qilganlar shaxsni tasdiqlovchi hujjatlarni taqdim etmay, buning o‘rniga MylD tizimida identifikatsiyadan o‘tgan holda mehmonxonaga kirishiga ruxsat beriladi;
xorijiy davlatlar fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarga 200 ming AQSH dollari hamda ularning har bir oila aʼzosiga (turmush o‘rtog‘i, farzandi va ota-onasi) 100 ming AQSH dollari miqdoridagi to‘lovlar evaziga O‘zbekistonda yashash guvohnomasi 5 yil muddatga soddalashtirilgan tartibda beriladi;
markazlashgan issiqlik taʼminoti mavjud hududlarda yangi qurilayotgan ko‘p kvartirali uy-joylar, maʼmuriy binolar, ijtimoiy soha muassasalari, sanoat va tadbirkorlik subyektlari bino va inshootlarining issiqlik tarmoqlariga ulanishi majburiy hisoblanadi;
taʼlim jarayonlarini boshqarish va avtomatlashtirish bo‘yicha xalqaro standartlar va texnologiyalarni joriy etish orqali «Raqamli institut» platformasi yaratilib, unda yuridik kadrlarga o‘z kasbiy rivojlanish ehtiyojlarini qondirishga yo‘naltirilgan malaka oshirish shakllari va dasturlarini mustaqil tanlash va o‘zlashtirish imkoniyati yaratiladi;
moliyalashtirish manbalaridan qatʼi nazar qurilishda texnik shartlar olinishi talab qilinadigan bino-inshootlarni qurish hamda rekonstruksiya qilishni loyihalashtirishda ushbu obyektlarning loyiha hujjatlarida binolarning o‘z ehtiyojlari uchun qayta tiklanuvchi energiya manbalari qurilmalari (quyosh panellari va shu kabilar) va muqobil issiqlik tizimlari (geliokollektorlar, issiqlik nasoslari va shu kabilar) hamda energiya tejovchi uskunalarni majburiy o‘rnatish talabi kiritiladi.