Huquqiy maslahat - bepul,tezkor, hammaga!

Poytaxt bosh rejasi interaktiv xaritada: unda nimalar aks etgan?

  • 30.05.2025
  • 91 marta o'qildi

Qurilish vazirligi saytida Toshkent bosh rejasining onlayn interaktiv xaritasi ishlay boshladi. Xo‘sh, xaritada shaharning turli ranglarga ajratilgani nimani anglatadi? Bu orqali endi buzilishga tushgan yoki tushadigan uylarni ham tekshirsa bo‘ladimi? Shaharda yo‘llar kengaytiriladimi? Poytaxt qurilish boshqarmasi boshlig‘i shu kabi savollarga javob berdi.

Toshkent shahar qurilish va uy-joy kommunal boshqarmasi boshlig‘i v.v.b. Aziz Xudoynazarovning aytishicha, xarita butun shaharda buzilishi ko‘zda tutilgan binolarni tekshirish imkoniyatini bermaydi. Faqatgina kelgusida ayrim ko‘chalarni kengaytirish loyihalari doirasiga tushishi mumkin bo‘lgan obyektlarni belgilaydi.

Xaritada yo‘llar qizil rangda belgilangan. Lekin hozirda yo‘l mavjud bo‘lmagan joylardan ham qizil liniya o‘tgani, bir qator ko‘chalarda esa qizil liniyaning qalinligi hozirgi ko‘chaning mavjud enidan kengroqligi, qizil liniya yo‘l yoqasidagi bino-inshootlarning ayrim qismlarini ham qamrab olganini ko‘rish mumkin.

Aziz Xudoynazarga ko‘ra, bu – kelgusi 45 yilda zarurat tug‘ilganda ko‘chalarni kengaytirishga qaror qilinishi mumkinligini anglatadi. Bu – tirbandliklarni kamaytirish maqsadi bilan bog‘liq. Shu bilan birga, boshqarma boshlig‘iga ko‘ra, gap faqat avtomobillar uchun qatnov qismini kengaytirish haqida ketmayapti: butun bir ko‘chaning ehtimoliy kengayishi – piyodalar va velosiped yo‘laklari, yo‘llar yoqasida yashil zonalar, yo‘lbo‘yi avtomobil to‘xtash joylari tashkil etishni ham nazarda tutadi.

Hozir ikkinchi va uchinchi darajali ko‘chalarning torligi bunday infratuzilmani yaratishga imkon bermaydi. Qolaversa, ayrim joylarda binolar va avtomobil qatnov qismi o‘rtasida masofa juda yaqin bo‘lib qolgani sabab, bunday ko‘chalarda kommunikatsiya tarmoqlarini o‘tkazish ham qiyin.

“Qizil chiziqlar kommunikatsiya tarmoqlari uchun koridorlarni ham tashkil qilib beradi va kelgusida aholimizning yengil, yaxshi harakatlanishi uchun piyodalar yo‘lagi, velosipedlar yo‘lagi va avtoturargohlar tashkil etish imkoniyatini beradi”, – dedi poytaxt qurilish boshqarmasi rahbari.

Uning urg‘ulashicha, ko‘chalarning yuqorida taʼriflanganidek ehtimoliy kengayishi haqida gap ketayotganda, markaziy ko‘chalar emas, aynan shu ikkinchi va uchinchi darajali ko‘chalar nazarda tutilyapti.

“Aholining 45 yilga ko‘payishi, umumiy talablar oshishidan kelib chiqib, biz loyihaviy ko‘chalarni kiritganmiz. Agar rivojlanish shu bosh reja asosida ketadigan bo‘lsa, kelgusida baribir bizda yangi loyihalarni ochishga ehtiyoj paydo bo‘ladi. O‘shanda ham tasdiqlangan master rejalar ishlab chiqiladi va u, albatta, Vazirlar Mahkamasining tegishli qarori bilan tasdiqlansagina amalga oshiriladi”, – dedi boshqarma boshlig‘i v.v.b.

Shu tariqa, yo‘llarni kengaytirishga qaror qilingan taqdirda ham, bu bo‘yicha alohida hujjatlar qabul qilinadi, aholini xabardor qilish va kompensatsiya kabi masalalar ana shu hujjatlarda ko‘zda tutilib, qonunchilik doirasida amalga oshiriladi.

Xaritadagi ranglar nimani anglatadi?

Aziz Xudoynazarning so‘zlariga ko‘ra, xaritada:

  • och yashil – konservatsiya zonalari: bog‘cha, maktab, shifoxona, sport obyektlari;

  • to‘q yashil – konservatsiya zonalari: yashil hududlar, kanallar va temiryo‘llar atrofidagi muhofaza zonalari;

  • och pushti – rekonstruksiya zonalari: turar joylar;

  • siyohrang – renovatsiya zonalari: savdo va ko‘ngilochar maskanlar, tijorat obyektlari (noturar binolar);

  • sabzirang – rekonstruksiya va renovatsiya zonalari: turar joylar;

  • och jigarrang – rekonstruksiya zonalari

  • to‘q pushti – renovatsiya zonalari: Sergeli, Yangihayot va Yangi Toshkentdagi yangi tashkil etilayotgan, rivojlanish hududlari.

Xaritada har bir zonaning ustiga bosib, zonaning strategiya ishlari turi, funksiya turi, qavatlilik va boshqa maʼlumotlarni ko‘rish mumkin.

Bosh rejani tasdiqlash to‘g‘risidagi hukumat qaroriga asosankonservatsiya zonalari – shaharning ekologik va sanitariya holatini shuningdek, madaniy-maʼrifiy va ijtimoiy sharoitlarni yaxshilashga qaratilgan bo‘lib, yashil hududlar, suv va yo‘lbo‘yi himoya hududlari hamda madaniy meros maydonlarini o‘z ichiga oladi, ular muhofaza qilinadi va ushbu hududlarda qo‘shimcha turar va noturar bino hamda inshootlar qurilishi taqiqlanadi;

Rekonstruksiya zonalari:

  • shakllangan hududlarda Toshkent shahar hokimligi tomonidan zarurati bo‘lganda, jamoatchilik fikri asosida rekonstruksiya ishlari amalga oshirilishiga ruxsat etiladi. Bunda shakllangan hududlarga qurilishi so‘nggi 5 yilda tugallangan va aholi uchun istiqomat qilish muhiti to‘liq yaratilgan hududlar hamda bugungi kunda takomillashtirishga ehtiyoji yo‘q hududlar kiradi;

  • takomillashtirish talab etiladigan hududlarda aholi zichligi saqlab qolinadi. Hududning dizayn kodlari ishlab chiqilib, tashqi ko‘rinishi zamonaviylashtiriladi, jamoat joylari va ochiq maydonlar obodonlashtiriladi hamda qo‘shimcha ijtimoiy va infratuzilma obyektlari qurilishiga ruxsat etiladi;

  • zichlashtirish talab etiladigan hududlarda shahar muhitining sifati taʼminlangan ijtimoiy-iqtisodiy holatni yana-da yaxshilash uchun talab va infratuzilmalarni inobatga olgan holda, hududlarni zichlashtirish yoki qisman zichlashtirish yo‘li bilan ko‘p qavatli bino va inshootlar qurishga ruxsat etiladi.

Renovatsiya zonalari:

  • qayta shakllantiriladigan hududda (bo‘sh yerlar, sanoat hududlari, kam qavatli uylar) foydalanish uchun yaroqsiz, shahar ekologik muhitiga salbiy taʼsir ko‘rsatuvchi, zilzilabardoshlilik talablariga javob bermaydigan bino va inshootlar bartaraf etilib, bo‘shatilgan hudud kompleks master-rejalar va batafsil rejalashtirish loyihalari asosida yangi funksiyalar bilan qayta qurishga ruxsat etiladi;

  • kengaytiriladigan hududda yangi yer maydonlari tasdiqlangan bosh rejaga asosan bino va inshootlar qurilishi uchun o‘zlashtiriladi. Bunda mazkur hudud va ilgari shakllangan hududlar orasidagi tafovut bosqichma-bosqich qisqartirib boriladi hamda ular o‘zaro uyg‘unlashtiriladi.

Toshkent shahrida umumiy hisobda 836 km uzunlikda yo‘llar mavjud bo‘lib, Bosh reja doirasida qo‘shimcha 647 km yangi yo‘llar qurish va mavjud 140 km yo‘llarni kengaytirish ko‘zda tutilgan.

Chat