Huquqiy maslahat - bepul,tezkor, hammaga!

1 iyuldan O‘zbekiston qonunchiligida nimalar o‘zgaradi?

  • 25.06.2025
  • 52 marta o'qildi
Pensiya va nafaqalarning oshirilishi, shifokorlarga ustamalar to‘lash, QQS bo‘yicha imtiyozlarni bekor qilish — mana shu va boshqa qonunchilikdagi o‘zgarishlar kelayotgan oydan boshlab kuchga kiradi.


1 iyuldan boshlab quyidagi o‘zgarishlar va yangiliklar amalga oshirilishi ko‘zda tutilgan:
Pensiya va nafaqalar oshiriladi

Pensiya va nafaqa miqdorlari, shuningdek, bolalar nafaqasi hamda kam taʼminlangan oilalarga ajratiladigan moddiy yordam 10% ga oshiriladi. Shu bilan birga quyidagilar belgilandi:

  • yosh bo‘yicha pensiyaning eng kam miqdori – oyiga 918 ming so‘m;

  • nogironlik bo‘yicha pensiyaning eng kam miqdori – oyiga 1 million 12 ming so‘m;

  • kam taʼminlangan oilalarga bolalar nafaqasi oyiga: 3 yoshgacha bo‘lgan har bir kichik bola uchun – 360 ming so‘m, 3 yoshdan 18 yoshgacha bo‘lgan har bir bola uchun – 275 ming so‘m, ikkinchi bola uchun qo‘shimcha – 165 ming so‘m, uchinchi va undan keyingi har bir bola uchun – 110 ming so‘m;

  • 3 yoshgacha bo‘lgan har bir kichik bola uchun – 360 ming so‘m,

  • 3 yoshdan 18 yoshgacha bo‘lgan har bir bola uchun – 275 ming so‘m,

  • ikkinchi bola uchun qo‘shimcha – 165 ming so‘m,

  • uchinchi va undan keyingi har bir bola uchun – 110 ming so‘m;

  • kam taʼminlangan oilalarga moddiy yordam – oyiga 420 ming so‘m;

  • pensiya hisoblashning bazaviy miqdori – oyiga 471 ming so‘m.


Pensiya tayinlashning yangi tartibi

Fuqarolarga davlat pensiyalari va kompensatsiyalarini proaktiv shaklda tayinlash tartibi joriy etiladi. U quyidagilarni nazarda tutadi:

  • I yoki II guruh nogironligi belgilangan fuqarolarga alohida murojaatsiz pensiya tayinlash;

  • ko‘rish bo‘yicha I guruh nogironligi bo‘lganlar hamda yadroviy poligonlar va boshqa radiatsion obyektlarda xizmat qilganlarga elektron maʼlumot almashuvi orqali kompensatsiya tayinlash;

  • nogironlik bo‘yicha pensiya tayinlanganidan so‘ng kamida 1 yillik mehnat staji mavjud bo‘lsa, pensiya har ikki yilda qayta hisoblanadi.


Shifokorlarga ustama joriy etiladi

Barcha davlat tibbiyot muassasalarida murakkab va xavfli davolash tadbirlarini amalga oshirayotgan shifokorlarga 25% dan 100% gacha oylik ish haqiga ustama to‘lash tartibi joriy qilinadi. Ustama miqdori kasallikning og‘irligi va davolash murakkabligiga bog‘liq bo‘ladi.


Nogironlarga soliq imtiyozlari proaktiv tarzda beriladi

Qonunchilikda belgilangan soliq imtiyozlari nogironligi bo‘lgan shaxslarga ular murojaat qilmasdan, proaktiv shaklda qo‘llaniladi.


Veterinariya va fitosanitariyada muhr va tamg‘alar bekor qilinadi

Veterinariya va fitosanitariya sohasidagi tashqi savdo yuklariga oid hujjatlarga muhr, tamg‘a qo‘yish va yozma ro‘yxatga olish amaliyoti bekor qilinadi. Barcha tartib-taomillar elektron tarzda amalga oshiriladi.


Davlat chegarasini kesib o‘tayotgan mashinalar uchun majburiy sug‘urta

Chegarani kesib o‘tayotgan avtotransport vositalari uchun fuqarolik javobgarligi sug‘urtasi majburiy qilinadi. Bunda:

  • sug‘urta polisi bojxona axborot tizimlari orqali rasmiylashtiriladi;

  • xorijda ro‘yxatdan o‘tgan transport vositalarining bojxona rasmiylashtiruvi sug‘urta polisi mavjud bo‘lganda amalga oshiriladi.


Tadbirkorlik uchun shart-sharoitlar yaxshilanadi

2028 yil 1 yanvargacha kichik va o‘rta biznes subyektlariga yangi majburiyatlar yuklashi mumkin bo‘lgan normativ-huquqiy hujjatlarni qabul qilishga moratoriy joriy etiladi.

Yangi qoidalar uchun "yagona sanada kuchga kirish" prinsipi joriy qilinadi – ular faqat 1 yanvar yoki 1 iyul sanasidan kuchga kiradi.

Shuningdek, "Birinchi imkoniyat" prinsipi joriy etiladi: kichik tadbirkorlar faoliyatining birinchi yilida sodir etgan birinchi maʼmuriy huquqbuzarlik uchun javobgarlikdan ozod etiladi.


Davlat funksiyalari xususiy sektorga o‘tkaziladi

Quyidagi funksiyalar xususiy sektorga beriladi:

  • rieltor va baholovchilar uchun malakalik imtihonlar o‘tkazish va sertifikat berish;

  • sud boshqaruvchisi malakalik attestatini berish;

  • baholovchilarga toifa berish;

  • hisoblagichlarni tekshirish;

  • karantindagi mahsulotlarni dezinfeksiya qilish (fumigatsiya);

  • gid, gid-tarjimon, ekskursovod va yo‘lboshlovchilarga malakalik sertifikati berish;

  • tibbiyot tashkilotlarini akkreditatsiya qilish va boshqalar.


Hissadorlarni himoya qilish choralari

Qurilishda ishtirok etish asosida fuqarolar mablag‘larini jalb qilish notarial tasdiqlangan va kadastr organlarida davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan shartnoma asosida amalga oshiriladi.


QQS bo‘yicha imtiyoz bekor qilinadi

Yo‘lovchi tashish xizmatlari uchun qo‘shilgan qiymat solig‘i (QQS) bo‘yicha amaldagi imtiyoz bekor qilinadi.


Bolalar bog‘chalarida elektron nazorat tizimi

Barcha davlat maktabgacha taʼlim muassasalarida “Bolalar bog‘chasi” axborot tizimi orqali tarbiyalanuvchilar va xodimlarning elektron davomati, ish vaqti va ovqatlanish xarajatlari yuritiladi.

Chat