Hukumat qarori (405-son, 01.07.2025 y.) bilan “Nogironligi bo‘lgan shaxslar bandligini taʼminlashga ko‘maklashish, ularning bandligini taʼminlash hamda mehnat qilishini qo‘llab-quvvatlashni rag‘batlantirish tartibi to‘g‘risida”gi nizom tasdiqlandi.
Nizom nogironligi bo‘lgan shaxslar bandligini taʼminlagan tadbirkorlar hamda xususiy bandlik agentliklariga quyidagi qo‘llab quvvatlash choralarini taqdim etish tartibini belgilaydi:
► bandlikka ko‘maklashish subsidiyasi;
► ish o‘rinlariga moslashtirish subsidiyasi.
Nizomga ko‘ra, "Nogironligi bo‘lgan shaxslar bandligiga ko‘maklashish elektron reyestri" axborot moduli yuritiladi.
Bandlikka ko‘maklashish subsidiyasi quyidagi talablarga javob beradigan tadbirkorlarga ajratiladi:
♦ elektron reyestrda turgan I va (yoki) II guruh nogironligi bo‘lgan shaxsni kamida 3 oy davomida uzluksiz rasmiy bandligini taʼminlagan;
♦ mazkur davrda unga har oyda mehnatga haq to‘lash eng kam miqdorining 2 baravaridan kam bo‘lmagan miqdorda ish haqi to‘lagan.
Ish o‘rinlariga moslashtirish subsidiyasi bandligi taʼminlangan I va (yoki) II guruh nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun surdotarjimon, psixolog yoki hamrohlik xizmatini tashkil qilgan tadbirkorlarga 50 mln so‘mgacha miqdorda ajratiladi.
Subsidiyaning har oylik miqdori quyidagicha:
▪️surdotarjimon xizmati uchun BHMning 8 baravari;
▪️psixolog xizmati uchun BHMning 10 baravari;
▪️hamrohlik xizmati uchun BHMning 5 baravari.
Tadbirkorlar ushbu subsidiyalarni olish uchun “Yagona milliy ijtimoiy himoya” axborot tizim yoki YAIDXP (my.gov.uz) orqali elektron so‘rovnomani to‘ldirish orqali murojaat qiladi.