Hukumat qarori (606-son, 27.09.2025 y.) bilan “Dramaturglar uchun Mahmudxo‘ja Behbudiy nomidagi mukofot to‘g‘risida” hamda “Yosh rejissyorlar uchun Bahodir Yo‘ldoshev nomidagi mukofot to‘g‘risida”gi nizomlar tasdiqlandi.
Nizomlarga ko‘ra, mukofot g‘oliblarini aniqlash uchun har 2 yilda 1 marotaba tanlov o‘tkaziladi.
Mukofotlar bilan rejissura va dramaturgiya sohalarida faol ijod qilayotgan rejissyor va dramaturglar teatrlar repertuarini dolzarb mavzudagi sahna asarlari bilan boyitishga qo‘shgan munosib hissasi uchun taqdirlanadi.
G‘oliblarga mehnatga haq to‘lash eng kam miqdorining 50 barobari miqdorida 1 martalik pul mukofoti hamda diplom va statuetkalar beriladi.
Ijodkorlarni mukofotlar bilan taqdirlash bo‘yicha takliflar tegishli tashkilotlar tomonidan Madaniyat vazirligiga taqdim etiladi.
Madaniyat vazirligi nomzodlar bo‘yicha takliflarni ko‘rib chiqib, tanlov o‘tkazilayotgan yilning 1 fevraligacha tegishli komissiyaga taqdim etadi.
Komissiya 1 martgacha nomzodlarning hujjatlarini o‘rganib chiqib, har bir mukofot bo‘yicha eng munosib 1 nafardan nomzod bo‘yicha yakuniy qaror qabul qiladi.
Mukofotlar 27 mart – Xalqaro teatr kuni arafasida O‘zbekiston Respublikasi madaniyat vaziri yoki uning tegishli o‘rinbosari tomonidan tantanali tarzda topshiriladi.