Shu kunlarda “Madad” NNT vakillarining Buyuk Britaniyaga amaliy tashrifi davom etmoqda.
Tashrif davomida bugun Muassasa rahbariyati va masʼul xodimlari "Citizens Advice Westminster" nohukumat tashkilotining vakillari bilan o‘zaro uchrashuv o‘tkazdi.
Uchrashuvdan ko‘zlangan asosiy maqsad - aholiga bepul yuridik yordam ko‘rsatishda tomonlarning ijobiy tajribalarini o‘rganish va taraflar o‘rtasida tajriba almashish hisoblanadi.
Uchrashuvda tomonlar fuqarolarga bepul huquqiy yordam ko‘rsatishning samarali mexanizmlari, ushbu faoliyatga volontyorlar (ko‘ngillilar)ni jalb etish masalalari va aholiga huquqiy axborotni tezkor va sifatli yetkazishda zamonaviy raqamli texnologiyalardan foydalanish borasidagi tajribalar bilan o‘rtoqlashdilar.
Muloqot chohida "Citizens Advice Westminster" tashkilotining aholiga bepul yuridik yordam ko‘rsatish tizimidagi yondashuvlari, xususan, aholining ehtiyojmand qatlam vakillari: keksalar va nogironlarigi bo‘lgan shaxslar uchun yo‘naltirilgan loyihalari “Madad” NNT vakillarida katta qiziqish uyg‘otdi.
Shuningdek, uchrashuvda kelgusida tomonlar o‘rtasida qo‘shma loyihalarni amalga oshirish va o‘zaro tajriba almashinuv dasturlarini doimiy yo‘lga qo‘yish masalalari ham muhokama etildi.
Eslatib o‘tamiz, tashrif davomida “Madad” NNT vakillari Buyuk Britaniyada aholiga bepul yuridik yordam ko‘rsatishga ixtisoslashgan bir qator tashkilotlarning faoliyati bilan tanishishni rejalashtirgan bo‘lib, ushbu tashriflar mamlakatimizda aholiga bepul yuridik yordam ko‘rsatishda “Madad” NNTning faoliyatini yana-da takomillashtirishga xizmat qilishi kutilmoqda.