Hukumat qarori (665-son, 22.10.2025 y.) bilan “Byudjet tizimi byudjetlari hisobidan qurilish va rekonstruksiya ishlari sug‘orish mavsumi bo‘lmagan davrda bajariladigan irrigatsiya tizimi obyektlarini moliyalashtirish tartibi to‘g‘risida”gi nizom tasdiqlandi.
Nizom vegetatsiya davrida qurilish va rekonstruksiya ishlarini amalga oshirish imkoni bo‘lmagan irrigatsiya tizimi obyektlarini tanlab olish, ularning loyiha-smeta hujjatlarini ishlab chiqish hamda tasdiqlangan loyiha hujjatlariga muvofiq sug‘orish mavsumi bo‘lmagan davrda bajariladigan qurilish-montaj ishlarini moliyalashtirish tartibini belgilaydi.
Nizomga ko‘ra, Vegetatsiya davrida qurilish va rekonstruksiya ishlarini amalga oshirish imkoni bo‘lmagan irrigatsiya tizimi obyektlarida qurilish-montaj ishlari sug‘orish mavsumi bo‘lmagan davrda bajariladi.
Irrigatsiya obyektlarini moliyalashtirish quyidagi tartibda amalga oshiriladi:
► qurilishning dastlabki ikki oyi mobaynida avans to‘lovlari tanlov savdolari natijalari bo‘yicha belgilangan ishlar qiymatining 30 foizigacha miqdorda ajratiladi;
► ajratilgan avansning qurilish muddati mobaynida mutanosib ravishda ushlab qolinishini hisobga olgan holda, bajarilgan ishlar qiymatining 95 foizi miqdorida har oyda joriy moliyalashtiriladi;
► pudrat shartnomasida nazarda tutilgan kafolat muddati o‘tgandan keyin qolgan 5 foiz mablag‘ to‘lab beriladi.
Agar davlat xaridlari natijalariga ko‘ra qurilish muddati uch oydan kam bo‘lsa, irrigatsiya obyektlariga birinchi oyda ular qiymatining 30 foizi miqdorida avans to‘lovlari ajratiladi, keyingi to‘lovlar belgilangan tartibda moliyalashtiriladi.