“Vatan tayanchi” bolalar va o‘smirlar harbiy-vatanparvarlik harakati faoliyatini tashkil etish to‘g‘risida”gi Prezident qarori (PQ–150-son, 02.03.2022 y.) qabul qilindi
Qarorga muvofiq:
“Vatan tayanchi” bolalar va o‘smirlar harbiy-vatanparvarlik harakati davlat muassasasi hisoblanib, mudofaa vazirining tarbiyaviy va mafkuraviy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari muassasa faoliyatini muvofiqlashtirib boradi.
Qarorga ko‘ra, maktablarda chaqiruvga qadar boshlang‘ich tayyorgarlik fani o‘qituvchisi rahbarligida 10-11-sinf o‘quvchilaridan (tarkibi 20 nafar) iborat “Vatan tayanchi” otryadlari tuziladi. O‘quvchilar unga ixtiyoriy aʼzo bo‘ladi.
2022/2023 o‘quv yilidan “Vatan tayanchi” harakatining faoliyatida faol ishtirok etgan hamda maktabni aʼlo baholarga tamomlagan har bir “Vatan tayanchi” otryadining bir nafar aʼzosiga Mudofaa vazirligi tomonidan belgilanadigan tanlab olish tartibiga muvofiq oliy harbiy taʼlim muassasasiga o‘qishga kirish uchun imtiyozli tavsiyanoma beriladi.
Tavsiyanomaga egalar respublika oliy harbiy taʼlim muassasalarining tegishli taʼlim yo‘nalishlariga o‘qishga kirishda test sinovlari natijalariga ko‘ra to‘plagan ballarining 5 foizi miqdorida qo‘shimcha ball shaklida imtiyozga ega bo‘ladi.
Tavsiyanomalar berilgan sanadan boshlab 3 yil mobaynida amal qiladi.