“Bino va inshootlarning zilzilabardoshligini oshirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Hukumat qarori (727-son, 17.11.2025 y.) qabul qilindi.
Qarorga ko‘ra, 2025 yil 1 dekabrdan zilzilalar kuchini ko‘rsatib beruvchi mintaqaviy akselerogrammalar bazalaridan kelib chiqib loyihalashtirish amaliyoti yo‘lga qo‘yiladi.
2027 yil 1 oktyabrga qadar MSK-64 shkalasi bo‘yicha 8 va undan yuqori balli seysmik faol zonalarda maxsus seysmik himoyalash uskunalari yordamida loyihalashtirishga ustuvorlik beriladigan obyektlar turlari tasdiqlanadi.
2026 yil 1 fevraldan:
► Vazirlar Mahkamasining 2022 yil 15 oktyabrdagi 603-son qarori asosida beriladigan zilzilabardoshlik bo‘yicha ilmiy xulosa uchun undiriladigan to‘lov miqdori 50 foizga qisqartiriladi;
► bir xil seriyali obyektlarga ilmiy xulosalar faqat 1 marotaba to‘lov asosida beriladi, qolgan shu turdagi obyektlarning loyihalariga ilmiy xulosa berish uchun to‘lov undirilmaydi.
Zilzilabardoshlik bo‘yicha ilmiy xulosalar berish "Shaffof qurilish" milliy axborot tizimiga integratsiya qilinadi.