Farmonga ko‘ra, quyidagilar uy-joy sohasini barqaror va muvozanatli rivojlantirishning asosiy ustuvor yo‘nalishlari etib belgilandi, jumladan:
► “Yangi O‘zbekiston” massivlarini barpo etish ishlarini izchil davom ettirgan holda uy-joy fondida zamonaviy uy-joylar ulushini 2040 yilga qadar 50 foizga yetkazish;
► uy-joy qurilishi sohasini “Uy-joyning yagona hayotiy sikli” tamoyili asosida kompleks isloh qilish va uni amalga oshirishdagi to‘siqlarni bartaraf etish.
Farmonga ko‘ra, qurib bitkazilmagan uy-joylarni birinchi navbatda qurilishga jalb etish, shuningdek, ekologik toza mahsulotlardan foydalanib uy-joy infratuzilmasini oldindan barpo etishni nazarda tutadigan kompleks qurilish tamoyili asosida uy-joylar qurilishini tashkil etish tartibi joriy etiladi.
Kompleks qurilish tamoyili doirasida quyidagilar taʼminlanadi, jumladan:
► kompleks qurilish dasturlarini faqat ochiq va batafsil ishlab chiqilgan rejalar asosida tayyorlash;
► loyihalarni amalga oshirishda hududlarning kelgusidagi ijtimoiy ehtiyojlarini inobatga oluvchi kompleks yondashuvdan foydalanish.
♦ Milliy qo‘mita urbanizatsiya jarayonlari, uy-joy qurilishi, renovatsiya va ipoteka sohasida davlat siyosatini amalga oshirish bo‘yicha vakolatli davlat organidir.
Quyidagilar Milliy qo‘mita faoliyatining ustuvor yo‘nalishlari etib belgilandi:
♦ urbanizatsiya jarayonlarini muvofiqlashtirish va rivojlantirish;
♦ samarali va barqaror uy-joy siyosatini ishlab chiqish hamda amalga oshirish;
♦ renovatsiya dasturlarini samarali amalga oshirishni taʼminlash;
♦ “Yangi O‘zbekiston” massivlarini qurish ishlarini muvofiqlashtirish, shu jumladan, hududlarni tanlashda qonunchilik bilan belgilangan mezonlar va urbanizatsiya tamoyillariga rioya etilishini taʼminlash.
Quyidagilar mazkur qarorni qabul qilishdan ko‘zlangan asosiy maqsadlar etib belgilandi, jumladan:
♦ urbanizatsiya va uy-joy sohasida davlat boshqaruvi samaradorligini oshirish;
♦ O‘zbekiston Respublikasi Urbanizatsiya va uy-joy bozorini barqaror rivojlantirish milliy qo‘mitasi faoliyatini tashkil etish.
Qarorga ko‘ra, quyidagi masalalarni o‘z ichiga olgan normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari Milliy qo‘mita bilan majburiy kelishilishi shart:
▪️ uy-joylar qurilishida davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash choralari;
▪️ Nukus va Toshkent shaharlarida, viloyatlar markazlari va boshqa aglomeratsiyalarda uy-joy hamda noturar joy majmualarini qurish loyihalarini amalga oshirish;
▪️ “Yangi O‘zbekiston” massivlarida va boshqa massivlarda ko‘p kvartirali uylar qurilishi bo‘yicha yillik maqsadli ko‘rsatkichlarni tasdiqlash;
▪️ kompleks qurilish loyihalari amalga oshiriladigan va “Yangi O‘zbekiston” massivlari quriladigan hududlarni belgilash.