Farmonga ko‘ra, sudyalarni navbatdagi 10 yillik muddatga tayinlash (saylash) tartibi bekor qilinadi.
Sudyalik lavozimlariga nomzodlarni dastlab 5 yil muddatga, keyinchalik muddatsiz davrga tayinlash (saylash) tartibi belgilanadi.
Tumanlararo, tuman, shahar sudlari raislari va ularning o‘rinbosarlari lavozimlariga nomzodlarni aniq mezonlarga ko‘ra sudyalar orasida ochiq tanlov asosida tanlash tartibi o‘rnatiladi.
Sudyaning kasbiy faoliyatini baholashda “halollik”, “kasbiy layoqatlilik” va “sudyalik odobi qoidalariga rioya etish” talablarining aniq mezonlari qonun darajasida belgilanadi.
Shuningdek, Sudyalar oliy kengashining doimiy asosda faoliyat yurituvchi sudyalari lavozimiga nomzodlar tegishli sud sudyalari malaka hayʼatlari tomonidan tavsiya etiladi.
Bunda Kengashning doimiy asosda faoliyat yurituvchi sudyalari lavozimiga, qoida tariqasida, sudya sifatida kamida 7 yil ishlagan sudyalar nomzodi ko‘rsatilishi mumkin.
Farmonga ko‘ra, Sudyalar hamjamiyati organlarining mustaqilligini oshirish maqsadida Kengash va Sudyalar oliy malaka hayʼatining qo‘shma yig‘ilishini o‘tkazish tartibi bekor qilinadi.
Kengash raisiga, uning konstitutsiyaviy maqomidan kelib chiqib, quyidagi vakolatlar beriladi:
► sudyalarga nisbatan malaka hayʼatlari tomonidan intizomiy ish asossiz tugatilgan yoki intizomiy jazo sodir etilgan qilmishga mos emas deb topilganda, malaka hayʼatlarining qarorlarini qayta ko‘rib chiqish bo‘yicha taqdimnoma kiritish;
► Kengashning tuzilmasi va shtat jadvalini belgilangan shtat birliklari doirasida mustaqil tasdiqlash.
2025 yil 15 dekabrgacha Kengashning rasmiy veb-saytida quyidagilar ochiq eʼlon qilib boriladi:
▪️ sud tizimida mavjud bo‘sh rahbarlik va yuqori turuvchi sudyalik lavozimlariga oid maʼlumotlar hamda ularni egallash uchun tanlovda ishtirok etish tartibi;
▪️ sud tizimida sudyalik lavozimlari, shu jumladan, rahbarlik va yuqori turuvchi sudyalik lavozimlariga nomzodlarni tanlash hamda tayinlash bo‘yicha barcha bosqichlarga oid maʼlumotlar.
Farmonga ko‘ra, sudyalik lavozimlariga nomzodlardan ortiqcha maʼlumotlar talab etilishiga chek qo‘yish maqsadida “Raqamli hukumat” tizimi Kengashning axborot tizimi bilan to‘liq integratsiya qilinadi.
Kengash majlislarida yopiq ovoz berish va qaror qabul qilish jarayonlariga raqamli texnologiyalar joriy etiladi.
Shuningdek, sudyaga nisbatan intizomiy jazo qo‘llash tizimini shaffof va adolatli qilish bo‘yicha quyidagilar joriy etiladi:
♦ sudyaga nisbatan intizomiy ish ko‘rib chiqishda uning himoyaga bo‘lgan huquqini taqdim etish;
♦ quyi sudyalik lavozimiga o‘tkazish intizomiy jazo chorasini joriy etish;
♦ intizomiy jazo amalda bo‘lgan vaqtda yuqori sudyalik lavozimiga tavsiya etilmaslik;
♦ sudyani intizomiy javobgarlikka tortish asoslarining aniq mezonlarini belgilash.
Bundan tashqari, sudyalar korpusida gender tenglikni taʼminlash maqsadida Kengashning Odil sudlov akademiyasining kasbiy qayta tayyorlash kurslariga qabul qilishda har yili zaruratga qarab Kengash tomonidan xotin-qizlar uchun kvota belgilanadi.