Huquqiy maslahat - bepul,tezkor, hammaga!

Aksiyadorlik jamiyati direktorlari fidutsiar majburiyatlari yangilandi, Bojxona kodeksiga ham o‘zgarishlar kiritildi

  • 27.11.2025
  • 98 marta o'qildi
Qonun (O‘RQ–1097-son, 27.11.2025 y.) bilan ayrim qonun hujjatlariga qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritildi.  

Qonun bilan “Aksiyadorlik jamiyatlari va aksiyadorlarning hukuqlarini himoya qilish to‘g‘risida”gi Qonunga  qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritildi.

Unga ko‘ra, jamiyat ovoz beruvchi aksiyalarining 50 foizidan ortig‘iga egalik qiluvchi yoxud ovoz beruvchi aksiyalari miqdori jamiyatning boshqa har bir aksiyadori ulushiga nisbatan ko‘p hamda ovozi qaror natijasiga hal qiluvchi taʼsir ko‘rsatishi mumkin bo‘lgan aksiyador majoritar aksiyador deb eʼtirof etiladi.

Shuningdek, kiritilgan qo‘shimchalarga ko‘ra, jamiyat kuzatuv kengashi aʼzolari, jamiyat direktori, boshqaruv aʼzolari hamda ishonchli boshqaruvchining fidutsiar majburiyatlari quyidagilarni o‘z ichiga oladi, jumladan:

► vazifa va majburiyatlarini amalga oshirishda vijdonan harakat qilib, jamiyat va aksiyadorlar manfaatlarini eng ko‘p aks ettiruvchi usullardan foydalanish;

► jamiyat mol-mulkidan jamiyatning ustaviga va ichki hujjatlariga zid ravishda va (yoki) aksiyadorlar umumiy yig‘ilishining va (yoki) kuzatuv kengashining qarorlarisiz, shaxsiy manfaatlarini ko‘zlab foydalanmaslik;

► jamiyatning asosiy faoliyati yo‘nalishlariga xos bo‘lgan sohadagi tadbirkorlikni jamiyatning tegishli boshqaruv organlari roziligisiz amalga oshirmaslik;

► qonunchilikka, jamiyatning ichki hujjatlariga va shartnomaga muvofiq jamiyat faoliyati to‘g‘risidagi maxfiy axborotni oshkor qilmaslik;

► o‘z vazifalarini bajarish bilan bog‘liq qarorlar qabul qilish evaziga moddiy qimmatliklar olmaslik.

Bojxona kodeksiga o‘zgartirishlar kiritildi

Bundan tashqari, Qonun bilan Bojxona kodeksiga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritildi.

Unga ko‘ra, boj tarifi bilan belgilangan stavkalar miqdoridagi bojxona bojlari, tovarni jo‘natuvchi va eksport qiluvchi mamlakatdan qatʼi nazar, O‘zbekiston savdo-iqtisodiy munosabatlarida eng ko‘p qulaylik berish rejimini qo‘llayotgan mamlakatlarda ishlab chiqarilgan tovarlarga nisbatan qo‘llaniladi.

Savdo-iqtisodiy munosabatlarda eng ko‘p qulaylik berish rejimi nazarda tutilmagan mamlakatlarda ishlab chiqarilgan yoxud ishlab chiqarilgan mamlakati aniqlanmagan tovarlarga nisbatan boj tarifidan tashqari quyidagi miqdorlarda qo‘shimcha bojxona boji undiriladi:

► bojxona bojining advalor stavkasi turi 10 foizgacha bo‘lgan tovarlarga nisbatan – 5 foiz;

► bojxona bojining advalor stavkasi 10 foizdan 20 foizgacha bo‘lgan tovarlarga nisbatan – 10 foiz;

► bojxona bojining advalor stavkasi 20 foizdan 30 foizgacha bo‘lgan tovarlarga nisbatan – 15 foiz;

► bojxona bojining advalor stavkasi 30 foiz va undan yuqori bo‘lgan tovarlarga nisbatan – 20 foiz.

Mazkur Qonun rasmiy eʼlon qilingan kunda eʼtiboran 3 oy o‘tgach kuchga kiradi.

Chat