O‘zbekistonda qonun bilan soliqlar va yig‘imlarni to‘lashdan bo‘yin tovlaganlik uchun javobgarlik choralari kuchaytirildi. Maʼmuriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeks va Jinoyat kodeksiga tegishli o‘zgartirishlar kiritildi.
MJtKning 174-moddasiga kiritilgan o‘zgartirishlarga ko‘ra, foydani (daromadni) yoki soliq solinadigan boshqa obyektlarni qasddan yashirganlik (kamaytirib ko‘rsatganlik) yoxud soliqlar va yig‘imlarni to‘lashdan boshqacha tarzda qasddan bo‘yin tovlaganlik uchun fuqarolarga BHMning 15 baravaridan 25 baravarigacha (ilgari BHMning 10 baravari), mansabdor shaxslarga esa 25 baravaridan 50 baravarigacha (ilgari BHMning 15 baravari) miqdorda jarima solinadi.
Agar ushbu huquqbuzarlik ancha miqdorda sodir etilgan bo‘lsa, fuqarolar uchun jarima 30 dan 50 BHMgacha (ilgari 20 BHM), mansabdor shaxslar uchun 50 dan 100 BHMgacha (ilgari 30 BHM) bo‘ladi.
Daromadlar to‘g‘risidagi deklaratsiyani taqdim etishdan bo‘yin tovlash, deklaratsiyani o‘z vaqtida taqdim etmaslik yoki unda bila turib noto‘g‘ri maʼlumotlarni taqdim etish BHMning 5 baravaridan 10 baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi.
Shuningdek, O‘zR JKning 184-moddasiga o‘zgartirishlar kiritildi. Endilikda foydani (daromadni) yoki soliq solinadigan boshqa obyektlarni qasddan yashirish, kamaytirib ko‘rsatish, xuddi shuningdek davlat tomonidan belgilangan soliqlar yoki yig‘imlarni to‘lashdan ancha miqdorda qasddan bo‘yin tovlash, shunday qilmish uchun maʼmuriy jazo qo‘llanilganidan keyin sodir etilgan bo‘lsa, BHMning 100 baravaridan 150 baravarigacha miqdorda jarima yoki 2 yilgacha axloq tuzatish ishlari yoxud 1 yildan 3 yilgacha ozodlikni cheklash yoxud 1 yildan 3 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.
Ilgari ushbu moddaning sanksiyasi faqat jarima yoki 2 yilgacha axloq tuzatish ishlarini nazarda tutgan.
Soliqlar yoki yig‘imlarni to‘lashdan bo‘yin tovlash takroran yoki ko‘p miqdorda sodir etilgan bo‘lsa, BHMning 200 baravaridan 300 baravarigacha miqdorda jarima yoki 2 yildan 3 yilgacha axloq tuzatish ishlari yoxud 3 yildan 5 yilgacha ozodlikni cheklash yoxud 3 yildan 5 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.
Juda ko‘p miqdorda sodir etilgan soliqlar yoki yig‘imlarni to‘lashdan bo‘yin tovlash -
300 BHMdan 600 BHMgacha jarima yoki 5 yildan 7 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.
Agar qasddan yashirilgan yoki kamaytirib ko‘rsatilgan daromadlar bo‘yicha soliqlar va yig‘imlar to‘liq to‘langan bo‘lsa, ozodlikni cheklash yoki ozodlikdan mahrum qilish tariqasidagi jazo qo‘llanilmaydi.
Agar shaxs birinchi marta jinoyat sodir etgan bo‘lsa va tergovga qadar tekshiruv, tergov yoki ishni birinchi instansiya sudi tomonidan ko‘rish tugagunga qadar (sud maslahatxonaga kirgunga qadar) davlatga yetkazilgan zararni, shu jumladan penya va boshqa moliyaviy sanksiyalarni to‘liq qoplagan bo‘lsa, u javobgarlikdan ozod qilinadi.
Mazkur modda doirasida BHMning 100 baravaridan 600 baravarigacha bo‘lgan miqdor, BHMning 600 baravaridan 1000 baravarigacha bo‘lgan miqdor, BHMning 1000 baravari va undan ortiq bo‘lgan miqdor soliqlar yoki yig‘imlarni to‘lashdan bo‘yin tovlashning katta miqdori deb hisoblanadi.