Farmonga ko‘ra, quyidagilar yuridik taʼlim va ilm-fan rivojlanishida erishiladigan asosiy vazifalar etib belgilandi, jumladan:
► yuridik taʼlim samaradorligi va sifati ustidan nazoratni kuchaytirish;
► Toshkent davlat yuridik universitetining (Universitet) 2030 yilgacha nufuzli Quacquarelli Symonds reytingida huquq sohasi bo‘yicha yuqori 1 000 talik universitetlar ro‘yxatiga kirishini taʼminlash.
2026/2027 o‘quv yilidan Universitetda tajriba tariqasida amaliy o‘qitish hamda klinik va dual taʼlim tamoyili asosida taʼlim olish tizimi joriy etiladi.
Bunda 2-, 3- va 4-kurs talabalari uchun yuridik taʼlim dasturlarining 50 foizi auditoriyalarda, 50 foizi sud, huquqni muhofaza qiluvchi organlar va boshqa yuridik sohaga oid tashkilotlarda o‘tkaziladi.
2027/2028 o‘quv yilidan “Yurisprudensiya” yo‘nalishi mavjud boshqa davlat oliy taʼlim tashkilotlarida Universitet tajribasi natijalaridan kelib chiqib, amaliy o‘qitish hamda klinik va dual taʼlim tamoyili asosida taʼlim olish tizimi yo‘lga qo‘yiladi.
Farmonga ko‘ra, Universitetda taʼlim – tadqiqot – amaliyot integratsiyasini taʼminlash maqsadida sohaviy fakultetlar tizimi akademik departament, tadqiqot, amaliyot va karyera markazlaridan iborat tarkibda shakllantiriladi.
Universitet kafedralari negizida akademik departamentlar va ular tarkibida shoʻbalar tashkil etiladi.
Tadqiqot markazlari fakultetlar yo‘nalishidan kelib chiqib ilmiy xodimlardan iborat bo‘ladi, huquqni qo‘llash amaliyotida yuzaga kelayotgan muammo va kamchiliklarni ilmiy yondashuvlar asosida tadqiq qiladi.
Shuningdek, fakultet dekanlari, departament boshliqlari va markaz rahbarlarini saylash amaliyoti joriy etiladi.
Ular 2 o‘quv yiliga saylanadi hamda bir shaxs surunkasiga 2 muddatdan ortiq mazkur lavozimlarga saylanishi mumkin emas.
Akademik departamentlar boshliqlari va markazlar rahbarlari fakultet dekani o‘rinbosarlari hisoblanadi.
Shoʻbalar professor-o‘qituvchilar tarkibidan iborat bo‘lib, ularning rahbarlari kafedra mudirlariga tenglashtiriladi.
Farmonga ko‘ra, Universitet 3- va 4- kurs talabalarini davlat tashkilotlari, notariat va advokatlik tuzilmalariga ish yurituvchi, yuriskonsult yordamchisi sifatida ishga qabul qilishga ruxsat etiladi.
2026/2027 o‘quv yilidan:
► Universitetda sunʼiy intellekt asosida dars sifatini baholash tartibi joriy etiladi. Bunda elektron taʼlim platformasida:
▪️ talabalarning oraliq bilimi darajasini aniqlash mexanizmi belgilanadi;
▪️ yakuniy nazorat ishlarini sunʼiy intellekt tomonidan baholash yo‘lga qo‘yilib, inson omili cheklanadi;
► Universitetda “Raqamli huquq” (Digital Law) xalqaro taʼlim yo‘nalishi joriy etiladi. Bunda:
▪️ mazkur yo‘nalishga o‘qishga qabul qilish tanlovlari ixtisoslashgan xorijiy tashkilotlar bilan hamkorlikda IQ test tartibida o‘tkaziladi;
▪️ tanlovda chet tillari bo‘yicha V2 darajadagi milliy yoki unga mos darajadagi xalqaro sertifikatga ega shaxslar ishtirok etadi;
▪️ o‘quv jarayoni ingliz va boshqa tillarda olib boriladi.
Farmonga ko‘ra, 2026/2027 o‘quv yilidan:
► Universitetga Universitet huzuridagi akademik litsey, yuridik texnikum bitiruvchilari hamda oliy maʼlumotga ega shaxslar uchun ular tanloviga ko‘ra kirish mumkin bo‘lgan bakalavr yo‘nalishlari bo‘yicha kadrlar tayyorlashning maxsus 3 yillik taʼlim dasturi joriy etiladi;
► Qashqadaryo yuridik texnikumi negizida Toshkent davlat yuridik universiteti huzuridagi akademik litsey tashkil etiladi.
2026/2027 o‘quv yilidan:
► “Yurisprudensiya” hamda “Davlat va jamiyat boshqaruvi” taʼlim yo‘nalishida bakalavr darajasiga ega shaxslarga qayta tayyorlov kurslaridan o‘tmasdan umumiy o‘rta taʼlim maktablarida davlat va huquq asoslari fani bo‘yicha dars berishga ruxsat etiladi;
► huquq fanidan bilish darajasini baholash bo‘yicha test sinovi tashkil etilib, uning natijalari asosida davlat namunasidagi sertifikat berish tartibi joriy etiladi.
2026 yil 1 martdan Universitetda “Yurisprudensiya” bakalavriat taʼlim yo‘nalishidan boshqa turdosh taʼlim yo‘nalishlari bitiruvchilari uchun 2 yillik magistratura mutaxassisligi joriy qilinadi.