Huquqiy maslahat - bepul,tezkor, hammaga!

Xodimlarning korrupsiyaga qarshi barqarorlik darajasi diagnostikadan o‘tkaziladi va bo‘sh bo‘lgan davlat fuqarolik xizmati lavozimlarini egallashda yangicha tizim joriy etiladi

  • 09.12.2025
  • 38 marta o'qildi
Xodimlarning korrupsiyaga qarshi barqarorlik darajasi diagnostikadan o‘tkaziladi

Farmonga ko‘ra, davlat organlarida xodimlarning korrupsiyaga qarshi barqarorlik darajasini diagnostikadan o‘tkazish tizimi joriy etiladi.

Unga ko‘ra, quyidagilar diagnostikadan o‘tkaziladi:

⇒ 2026 yil 1 yanvardan korrupsiyaga qarshi ichki nazorat tuzilmalarining rahbar va masʼul xodimlari hamda ushbu lavozimlarga nomzodlar;

⇒ 2026 yil 1 iyundan sohalar nazoratiga masʼul inspeksiyalarda korrupsiyaviy xavf-xatar darajasi “yuqori” va “o‘rta” bo‘lgan funksiyalar yuklatilgan lavozimlarda faoliyat yuritayotgan xodimlar hamda ushbu lavozimlarga nomzodlar;

⇒ 2027 yil 1 yanvardan boshqa davlat organlarida korrupsiyaviy xavf-xatar darajasi “yuqori” va “o‘rta” bo‘lgan funksiyalar yuklatilgan lavozimlarda faoliyat yuritayotgan xodimlar va ushbu lavozimlarga nomzodlar.

Diagnostika Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligining buyurtmasiga muvofiq Rahbar kadrlarni baholash markazi tomonidan o‘tkaziladi.

Diagnostika natijasiga ko‘ra xodimning korrupsiyaga barqarorlik darajasi “past” deb baholanishi mazkur lavozimda mehnat munosabatlarni davom ettirishiga monelik qiluvchi holat hisoblanadi.

Bunda xodim korrupsiyaviy xavf-xatar darajasi “past” bo‘lgan boshqa lavozimga majburiy ravishda rotatsiya qilinadi.

Bo‘sh bo‘lgan davlat fuqarolik xizmati lavozimlarini egallashda yangicha tizim joriy etiladi

Farmonga ko‘ra, davlat organlarida bo‘sh bo‘lgan davlat fuqarolik xizmati lavozimlarini egallashda yangicha tizim joriy etiladi.

Unga ko‘ra, 2026 yil 1 martdan:

⇒ davlat fuqarolik xizmatida mavjud bo‘sh ish o‘rinlari to‘g‘risidagi maʼlumotlar “vacancy.gov.uz” elektron platformasida eʼlon qilinadi;

⇒ fuqarolarga o‘zlariga maʼqul keladigan mutaxassislik, lavozim va ish haqiga oid talablarni belgilagan holda “vacancy.gov.uz” elektron platformasida “ish qidiruvchi” maqomida ro‘yxatdan o‘tish imkoniyati yaratiladi;

⇒ “vacancy.gov.uz” elektron platformasida ro‘yxatdan o‘tgan va davlat fuqarolik xizmatiga kirish bo‘yicha test sinovidan muvaffaqiyatli o‘tgan fuqarolar ushbu platformada mavjud bo‘sh ish o‘rinlariga daʼvogarlik qilishi mumkin bo‘ladi. Bunda:

▫️ fuqarolarga test sinovlarini shaxsni tasdiqlash va sinovlarni nazorat qilishning maxsus onlayn tizimi orqali yoki Agentlikning maxsus jihozlangan xonalarida topshirish imkoniyati yaratiladi;

▫️ test natijalari 1 yilgacha amal qiladi;

⇒ tanlovning qo‘shimcha bosqichi sifatida o‘tkaziladigan sohaviy bilimlarni baholash bo‘yicha test sinovlari davlat organlarining buyurtmalariga muvofiq Agentlik huzuridagi Rahbar kadrlarni baholash markazi tomonidan shartnoma asosida o‘tkaziladi.

Chat