Ob-havo sharoitining keskin o‘zgarishi tufayli Toshkent shahri va Farg‘ona vodiysi viloyatlarini bog‘lovchi Qamchiq dovoni vaqtincha yopildi. Bu haqda Yo‘l harakati xavfsizligi xizmati xabar berdi.
Qayd etilishicha, ob-havodagi keskin o‘zgarish: kuchli qor yog‘ishi va ko‘chki xavfi yuzaga kelgani bois 10 dekabr kuni soat 02:30 dan boshlab dovonda transport vositalarining harakati vaqtincha to‘xtatilgan.
Ayni daqiqalarda FVV rahbarligida tegishli tashkilotlarning mutaxassislari tomonidan vaziyat oqibatlarini bartaraf etish borasida keng ko‘lamli profilaktik tadbirlar amalga oshirilmoqda.
YHXX dovon yo‘li ochilishi bo‘yicha qo‘shimcha maʼlumot berilishini maʼlum qildi.
Avvalroq O‘zgidromet 10−12 dekabr kunlari Toshkent va Namangan viloyatlarining tog‘li hududlarida qor ko‘chishi xavfi borligini eʼlon qilgandi.
Eslatib o‘tamiz, bu hafta boshida O‘zbekistonning ko‘plab viloyatlarda juda ko‘p yomg‘ir, tog‘ va tog‘ etaklarida qor bo‘ronlari bo‘lishi kutilmoqda. Uzoq kuzatilgan qurg‘oqchil mavsumdan so‘ng mintaqaga juda katta namlik kirib kelmoqda.