Farmonga ko‘ra, 2026 yil 1 yanvargacha barcha savdo va xizmat ko‘rsatuvchi yuridik shaxslar tomonidan elektron to‘lovlarni qabul qilish uchun yagona QR kod joriy qilinadi.
2026 yil 1 yanvardan barcha savdo va xizmat ko‘rsatish sohasidagi yuridik shaxslar tomonidan banklarda generatsiya qilingan yagona QR kod orqali elektron to‘lovlarni qabul qilish yo‘lga qo‘yiladi.
Bunda 2026 yil 1 iyuldan:
► barcha savdo va xizmat ko‘rsatish sohasidagi yuridik shaxslarda yagona QR kodli to‘lov tizimi orqali to‘lovlarni qabul qilish ham majburiy etib belgilanadi;
► yagona QR kodlardan foydalanilmayotganligi savdo qoidalarini buzish deb hisoblanadi.
2026 yil 1 yanvardan 1 ta tashqi savdo shartnomasi doirasida aynan bir xil turdagi tovarlarga muvofiqlik va ekologik sertifikat 1 yildan oshmagan muddatga 1 marotaba beriladi.
2026 yil 1 martdan soliq organlari xodimlari hamda Navoiy va Chirchiq shaharlarida hisobga qo‘yilgan jismoniy shaxslar tomonidan jami yillik daromadlari to‘g‘risidagi deklaratsiyani taqdim etish tajriba-sinov tariqasida joriy etiladi.
Farmonga ko‘ra, 2026 yil 1 iyuldan bosqichma-bosqich nazorat qiluvchi organlar tomonidan ushbu Farmonda ko‘rsatilgan holatlar bo‘yicha tadbirkorlik subyektlarida o‘tkaziladigan tekshiruvlar bodi-kameradan foydalangan holda amalga oshiriladi.
2026 yil 1 yanvardan:
► import qilingan oziq-ovqat mahsulotlarining 9 oy (go‘sht va ho‘l meva-sabzavotlarning 3 oy) davomida sotilmaganligi va qiymati BHMning 500 baravaridan ortiq bo‘lgan ushbu mahsulotlar qoldiqda turganligi holati sayyor soliq tekshiruvini o‘tkazish uchun asos hisoblanadi;
► ko‘chmas mulk obyektlari va qurilish materiallari bo‘yicha soliq bazasi ushbu tovarlarning bozor bahosidan kelib chiqib aniqlanadi;
► O‘zbekiston hududida jismoniy shaxslarga elektron shaklda xizmatlar ko‘rsatuvchi va tovarlar sotuvchi chet el yuridik shaxslari soliq organida ro‘yxatdan o‘tmasdan faoliyat yuritayotgani aniqlanib, ro‘yxatdan o‘tish to‘g‘risida xabarnoma yuborilgandan keyin 30 kun ichida ro‘yxatdan o‘tmaganda, ushbu yuridik shaxslarning O‘zbekistondagi faoliyati cheklanadi;
► kameral soliq tekshiruvini o‘tkazishda soliq organlari aniqlagan tafovutni asoslash uchun soliq to‘lovchilar tomonidan qo‘shimcha hujjatlar taqdim etilganda soliq organlari tomonidan ularning ko‘rib chiqilishi majburiy hisoblanadi.