“Bojxona maʼmuriyatchiligi va tashqi savdo tartibotlarini yana-da soddalashtirish va samaradorligini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Prezident Farmoni (PF–250-son, 17.12.2025 y.) qabul qilindi.
Farmonga ko‘ra, 2026 yil 1 martdan tovarlarni ular chegara o‘tkazish punktiga yetib kelguniga qadar dastlabki deklaratsiyalash orqali erkin muomalaga chiqarish bojxona rejimiga joylashtirishda:
► bojxona rasmiylashtiruvi uchun bojxona yig‘imi miqdori 20 foizga pasaytiriladi;
► bojxona to‘lovlarini bo‘lib-bo‘lib (kechiktirib) to‘lashda 14 kungacha foizlar hisoblanmaydi.
2026 yil 1 maydan tovarlarni davriy deklaratsiya orqali rasmiylashtirishda bojxona to‘lovlarini tovarlar respublika hududiga kirib kelganda har bir partiya uchun alohida to‘lash imkoniyati yaratiladi.
Quyidagilar bo‘yicha bojxona organlarining axborot tizimida xavf aniqlanmaganda, bojxona yuk deklaratsiyalari avtomatik rasmiylashtiruvdan o‘tkaziladi:
▪️ yirik soliq to‘lovchi tashkilotlar, davlat tashkilotlari
hamda davlat ulushi 50 foizdan yuqori bo‘lgan tashkilotlar tomonidan import qilinayotgan tashqi savdo yuklari;
▪️ tarif va notarif cheklovlar tatbiq etilmaydigan eksport qilinayotgan yuklar.
Tadbirkorlarning barqarorlik reytingida yuqori va o‘rta darajalarini egallagan vakolatli iqtisodiy operatorlarga qo‘shimcha quyidagi imkoniyatlar taqdim etiladi:
► bojxona to‘lovlari va soliqlarni qaytarish, o‘zaro hisobga olishda soddalashtirilgan tartibotlarni joriy etish;
► tovarlarni qadoqlash, o‘rash, saralash va tozalash kabi qayta ishlash operatsiyalarida qayta ishlash uchun ruxsatnoma talab qilmaslik.
Farmonga ko‘ra, Chegara qo‘shinlari tomonidan shaxslarni pasport nazoratidan o‘tkazishda quyidagi asoslarga ko‘ra bojxona organlarini xabardor etish yo‘lga qo‘yiladi:
► bojxona organlari axborot tizimida shaxsning bojxona nazoratidagi avtotransport mavjudligi to‘g‘risida maʼlumot bo‘lsa;
► shaxs bojxona haqidagi qonun hujjatlarini buzganligi yoki buzish xavfi mavjud bo‘lsa.
2026 yil 1 iyundan:
► tadbirkorlarga bojxona bojini 120 kungacha kechiktirib yoki bo‘lib-bo‘lib to‘lash imkoniyati yaratiladi;
► bojxona to‘lovlari to‘lanishini taʼminlashning bosh taʼminoti turidan foydalanishda xavflarni boshqarish tizimining natijalaridan kelib chiqib, tadbirkorlarga pasaytirilgan miqdorda taʼminot taqdim etiladi.
2026 yil 1 iyuldan bojxona auditi doirasida:
➖ audit o‘tkazilishi rejalashtirilgan tadbirkorga yo‘l qo‘ygan kamchiliklari to‘g‘risida oldindan xabar bergan holda tadbirkorning o‘zi tomonidan ularni bartaraf etish imkoniyatini beruvchi “maslahatchi auditor” tamoyili yo‘lga qo‘yiladi;
➖ bojxona organlari tomonidan tadbirkorlar faoliyatida o‘tkazilgan bojxona nazorati natijalari tadbirkorlarning barqarorlik reytingini aniqlashda inobatga olinadi.
Farmonga ko‘ra, 2028 yil 1 yanvardan bojxona sohasidagi qonunchilik talablarini buzganlik uchun moliyaviy jarimalarni qo‘llash tartibi joriy etiladi.
2026 yil 1 maydan tashqi savdoga oid notarif tartibotlarni belgilashning quyidagi shaffof mexanizmi joriy etiladi:
► taqiq va cheklovlar reyestri yuritiladi, ularni o‘rnatishdan kamida 3 oy oldin “Yagona darcha” bojxona axborot tizimida eʼlon qilinadi;
► vakolatli davlat idoralari, ularning quyi tashkilotlari tomonidan ko‘rsatiladigan har bir turdagi xizmatlar uchun yig‘imlar (to‘lovlar) miqdori va kalkulyatsiyasi “Yagona darcha” bojxona axborot tizimida eʼlon qilinadi;
► mazkur talablarga rioya etilmasdan o‘rnatilgan taqiq va cheklovlar, yig‘imlar ijroga qaratilmaydi.
2026 yil 1 yanvardan quyidagilar bekor qilinadi:
► muvofiqlik sertifikatini rasmiylashtirishda hujjatlarni majburiy tarzda Texnik jihatdan tartibga solish sohasida nazorat inspeksiyasi tekshiruvidan o‘tkazish;
► sertifikatlash organlarida belgilangan tartibda davriy baholash o‘tkazmasdan turib O‘zbekiston texnik jihatdan tartibga solish agentligi tomonidan ularni elektron tizimdan uzib qo‘yish;
► muvofiqlik sertifikati berishni rad etish to‘g‘risidagi qaror mavjud bo‘lmaganda hamda xorijiy davlatlar maʼlumotlari asosida mahsulotlarni sertifikatlash jarayoniga cheklov va taqiq o‘rnatish.