Huquqiy maslahat - bepul,tezkor, hammaga!

O‘zbekistonda elektromobillar uchun 12−16% stavkada avtokreditlar berila boshlaydi

  • 29.12.2025
  • 32 marta o'qildi
O‘zbekistonda elektromobillarga o‘tishni rag‘batlantirish uchun avtokreditlar qiymati pasaytiriladi. Mahalliy elektromobillarga 12%, xorijiylariga 16%li kreditlar ajratiladi. Shuningdek, davlat elektr energiya xarajatlarining bir qismini o‘z zimmasiga oladi va eski avtomobillarni almashtirishni subsidiyalaydi.

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 26-dekabr kuni Oliy Majlis va xalqqa murojaatida ekologik avtomobillarni ko‘paytirish bo‘yicha besh yillik dastur haqida e’lon qildi.

Uning doirasida mahalliy elektromobillarga 12 foizli (Markaziy bank asosiy stavkasidan pastroq), xorijiy elektromobillarga esa 16 foizli avtokreditlar ajratiladi. Yozda O‘zbekiston banklarida avtokreditlar bo‘yicha foiz stavkalari 22,5 foizdan 33 foizgacha bo‘lgan.

Elektromobillarni quvvatlash stansiyalarini tashkil qilish uchun tadbirkorlarga 10 foizli imtiyozli kreditlar beriladi, yerlarni auksiondan 2 karra arzon narxda sotib olish imkoniyati yaratiladi.

Bundan tashqari, elektromobillarni quvvatlash stansiyalarida avtomobillarni zaryadlashda 1 kilovatt-soat elektr energiyasi narxining 300 so‘mdan oshgan qismi davlat budjetidan qoplab beriladi. Elektromobilda taksi xizmati ko‘rsatadigan fuqarolarga ham bir qator imtiyozlar beriladi, dedi prezident.

Uning so‘zlariga ko‘ra, shaharlardagi tirbandliklar “nafaqat odamlar hayotini qiyinlashtirmoqda, balki ekologiyaga ham jiddiy zarar yetkazmoqda”. Dunyo tajribasidan kelib chiqib, avtomobillar chiqarayotgan zararli moddalar darajasiga qarab ekologik stikerlar tizimi joriy etiladi. Katta miqdorda zararli moddalar chiqarayotgan avtomashinalar poytaxt va viloyat markazlari hamda shaharlarga kirishi cheklanadi.

Avtoparkni yangilash va chiqindilarni kamaytirish uchun davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash choralari ko‘riladi. Buning uchun alohida jamg‘arma tashkil qilinadi.

Eski mashinasini almashtiraman deganlarga avtokredit foizining bir qismi qoplab beriladi. Filtr o‘rnatib, zararni kamaytirishga tayyor bo‘lgan haydovchilar uchun xarajatlarining bir qismi bo‘yicha subsidiya ajratiladi.

Davlat rahbari aytishicha, poytaxtda va yirik shaharlarda jamoat transportini rivojlantirish ustuvor vazifa bo‘ladi. Shahar ko‘chalarida avtobus va taksilar uchun maxsus yo‘laklar ko‘paytiriladi. Toshkent, Samarqand va Namangan shaharlarida transport harakatini intellektual svetoforlar orqali boshqarish tizimi joriy etiladi.

“Men yaqinda Yaponiyadan o‘zim uchun ko‘p narsa olib keldim. Juda ko‘p mashina, lekin bironta tirbandlik yo‘q. Svetofor o‘zi boshqaryapti. Nimaga biz shuni o‘rganmaymiz? Ha, biz ham o‘rgandik-ku, ko‘p narsalarni. Shuning uchun intellektual svetoforni kelishdik ular bilan, ularning mutaxassislari keladi. Mana, Turkiyada juda ko‘p tajriba bor, o‘rganyapmiz. Albatta, bularni ham amalga oshiramiz”, — dedi u.

Uning so‘zlariga ko‘ra, bu ishlar to‘g‘ri yo‘lga qo‘yilsa, poytaxt, viloyat markazlari va yirik shaharlar faqat va faqat ekotransportlar harakatlanadigan hududga aylanishiga asos solinadi.

“Bu og‘ir bo‘ladi, lekin bu yakka-yu yagona to‘g‘ri yo‘limiz”, — dedi prezident.

Bojxona qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, 2025-yil yanvar-noyabr oylarida O‘zbekistonga yengil avtomobillar importi qiymat jihatidan o‘tgan yilning shu davriga nisbatan qariyb 14 foizga — 1,23 mlrd dollardan 1,06 mlrd dollargacha kamaygan. Shu bilan birga, miqdor jihatidan 4,5 foizlik o‘sish kuzatilgan — 68,5 mingtadan 71,7 mingtagacha (o‘tgan yili Pskent avtopologoni sababli 4,1 foizlik pasayish qayd etilgan edi).

Agar o‘tgan yili importda elektromobillar ulushi 32,4 foizni tashkil etgan bo‘lsa, joriy yilda bu ko‘rsatkich 72,4 foizga yetgan. Miqdoriy jihatidan elektr transport vositalari importi 2,3 barobarga oshgan — 22 220 tadan 51 856 tagacha. Benzinli avtomobillar soni esa 30 294 tadan 16 985 tagacha kamaygan.

Chat