Huquqiy maslahat - bepul,tezkor, hammaga!

Mediatorlar tomonidan statistika maʼlumotlarini taqdim etish tartibi belgilandi va mediatorlarning kasb etikasi qoidalari tasdiqlandi

  • 06.01.2026
  • 61 marta o'qildi
Mediatorlar tomonidan statistika maʼlumotlarini taqdim etish tartibi belgilandi

Adliya vazirligi Mediatorlar tomonidan statistika maʼlumotlarini taqdim etish tartibi to‘g‘risidagi nizomni davlat ro‘yxatidan o‘tkazdi (ro‘yxat raqami: 3740, 05.01.2026 y.).

✅ Unga ko‘ra, mediatorlar statistika maʼlumotlarini har chorak uchun hisobot davridan keyingi oyning 5-sanasigacha hududiy adliya organlariga taqdim etadi.

Bunda, statistika maʼlumotlarini taqdim etish muddatining so‘nggi kuni dam olish yoki ishlanmaydigan bayram kuni yoxud boshqa ishlanmaydigan kunga to‘g‘ri kelganda, taqdim etish muddati keyingi ish kuniga uzaytiriladi.

✔️ Statistika maʼlumotlarida xato va kamchiliklar aniqlanganda mediatorlar shu kunning o‘zida mazkur xato va kamchiliklarni bartaraf etish haqida xabardor qilinadi.

Hududiy adliya organlari statistika maʼlumotlarini umumlashtiradi va hisobot davridan keyingi oyning 10-sanasidan kechiktirmay Adliya vazirligiga taqdim etadi.

Adliya vazirligi taqdim etilgan statistika maʼlumotlarini umumlashtiradi va vazirlikning rasmiy veb-saytiga hisobot davridan keyingi oyning 20-sanasidan kechiktirmay joylashtiradi.

Mediatorlarning kasb etikasi qoidalari tasdiqlandi

Adliya vazirligi Mediatorlarning kasb etikasi qoidalarini davlat ro‘yxatidan o‘tkazdi (ro‘yxat raqami: 3741, 05.01.2025 y.).

✅ Unga ko‘ra, mediatorlar:

▪️ kasb etikasi qoidalariga rioya qilishi, mediatorlik faoliyatini halol va vijdonan bajarishi, mediatorlarning shaʼni, qadr-qimmati va ishchanlik obro‘sini saqlashi;

▪️ o‘z faoliyatini maxfiylik, ixtiyoriylik, mediatsiya taraflarining hamkorligi va teng huquqliligi, mediatorlarning mustaqilligi va xolisligi prinsiplari asosida amalga oshirishi;

▪️ mediatsiya taraflarining mediatsiya jarayonida teng imkoniyatlarga ega bo‘lishini taʼminlashi lozim.

✔️ Shuningdek, mediatorlar mediatsiya taraflari bilan munosabatlarda:

 taraflarga mediatsiyaning maqsadi va ularning huquq va majburiyatlarini tushuntirishi;

 mediatsiyani o‘tkazish tartibi haqida maʼlumot berishi;

 taraflarga kasbiy malakasi va ish tajribasi to‘g‘risida ishonchli maʼlumot berishi;

 taraflarga nisbatan hurmat va xushmuomalalik ko‘rsatishi;

 taraflarni nizoni hal qilishning maqbul variantlarini izlashga undashi;

 muzokaralar natijasini bir tarafning foydasiga ko‘zlab ish olib bormasligi lozim.

Chat