Huquqiy maslahat - bepul,tezkor, hammaga!

Raqamli so‘mni ishlab chiqish jarayoni boshlangan — Markaziy bank

  • 13.01.2026
  • 32 marta o'qildi
O‘zbekiston MB raqamli so‘m chiqarishning turli ssenariylarini ko‘rib chiqyapti: chakana foydalanishdan tortib banklararo hisob-kitoblargacha, deya ma’lum qildi MB raisi o‘rinbosari Nodirbek Ochilov. Jarayon tadqiqot bosqichida. Raqamli valyutani joriy etish bo‘yicha yo‘l xaritasi aprelgacha tasdiqlanishi kutilmoqda.

O‘zbekistonda raqamli so‘m chiqarish bo‘yicha tadqiqot ishlari boshlangan. Bu haqda Markaziy bank raisi o‘rinbosari Nodirbek Ochilov noyabr oyi oxirida inflyatsion targetlash sharoitida suzuvchi valyuta kursining ahamiyatiga bag‘ishlab o‘tkazilgan davra suhbatida ma’lum qildi.

Raqamli milliy valyutaning istiqbollari haqidagi savolga javob berar ekan, MB raisi o‘rinbosari 2023-yildan regulyator raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish doirasida raqamli valyutalarga e’tibor qaratib kelayotganini ta’kidladi.

“Raqamli iqtisodiyot, raqamli transformativ o‘zgarishlar sharoitida, biz 2023-yildan boshlab, asosiy yo‘nalishlarni, ilovalarni, e’tibor qaratadigan bo‘lsangiz, raqamli valyutalarning ahamiyati va Markaziy bank raqamli valyutasini iqtisodiyotga joriy etish bo‘yicha qisqacha sharhlar va ilovalar berib ketganmiz”, — dedi u.

Uning so‘zlariga ko‘ra, raqamli so‘m masalasi prezident darajasida ham ko‘rib chiqilgan.

 

“Bugungi kunda yanada dolzarb bo‘lib borayotgani uchun davlatimiz rahbari huzurida o‘tkazilgan yig‘ilishda ham bu masala taqdimot qilingan. Birinchi bosqichda Markaziy bank raqamli so‘m chiqarish masalasini tadqiq qilib, har tomonlama o‘rganmoqda, raqamli milliy valyuta bo‘yicha tadqiqotlar boshlangan”, — deydi Markaziy bank rahbari o‘rinbosari.

Uning ta’kidlashicha, bunday jarayonlar boshqa mamlakatlarda, jumladan, O‘zbekistonning savdo hamkorlarida hali tadqiq qilish bosqichida.

“Savdo hamkorlarimizda ham, umuman rivojlangan davlatlarda ham bu jarayon hozirgi kunda hali tadqiqot bosqichida”, — deydi Ochilov.

Misol tariqasida u Shveysariya Markaziy banki bilan hamkorlikni keltirdi.

“Mana, Shveysariya Markaziy bankida yaqinda hamkorlikda seminarlar tashkil qilganmiz. Ularda ham bu jarayon endigina tadqiqot bosqichida. Ya’ni Markaziy bankning o‘zining raqamli valyutasi [haqida gap ketmoqda]”, — deydi u.

Uning so‘zlariga ko‘ra, kriptoaktivlarning faol rivojlanishi markaziy banklarning raqamli valyutalarini o‘rganish uchun qo‘shimcha omil bo‘ldi.

“Chunki juda ham ko‘p kriptoaktivlar rivojlanayotgan paytida xuddi shu kriptoaktivlarga mos va alternativ bo‘la oladigan Markaziy bankning raqamli valyutasini joriy qilish masalalarini o‘rganish hamma Markaziy bankda boshlangan. Bizlarda ham tadbiq ishlari va tadqiq guruhlari tashkil etilib, tadqiqot ishlari boshlangan”, — deydi Markaziy bank raisi o‘rinbosari.

Uning qo‘shimcha qilishicha, hozirda raqamli so‘mning turli modellari ko‘rib chiqilmoqda.

“Buning yo‘nalishlari ko‘p: chakana raqamli valyuta yoki ulgurji — faqat banklarning o‘zida muomalada bo‘ladigan raqamli valyuta borasida o‘z yondashuvlarimizni shakllantiryapmiz”, — deydi u.

Ochilovning so‘zlariga ko‘ra, kelgusi yil boshida aniqroq qarorlar qabul qilinishi kutilmoqda.

“Bu bo‘yicha keyingi yilning boshida yangiliklar bo‘ladi, albatta sizlarning ishtirokingizda, banklarning ishtirokida bu masalalar ko‘rib chiqiladi. Jarayon boshlangan. Umumiy qilib aytishim mumkin, jarayon boshlangan”, — deydi u.

Shuningdek, u keyingi ishlar ketma-ketligiga to‘xtaldi.

“Birinchi etapda joriy qilish bo‘yicha har xil yo‘nalishlar o‘rganiladi, ikkinchi etapda — Markaziy bank nuqtai nazaridan — joriy qilgandagi holat: ulgurji yoki chakana raqamli valyuta nuqtai nazaridan qanday ta’sirlari bo‘lishini chuqurroq o‘rgangan holda, amaliy tomonlarini o‘rganib, kelgusi yilning boshlarida yakuniy xulosalar beriladi”, — deydi Markaziy bank raisi o‘rinbosari.

Noyabr oyi oxirida prezident qarori bilan tasdiqlangan 2025−2026-yillarda moliyaviy texnologiyalar sohasini qo‘llab-quvvatlash dasturiga ko‘ra, O‘zbekistonda Markaziy bankning raqamli valyutasidan to‘lov vositasi sifatida foydalanish tajribasini o‘tkazish bo‘yicha yo‘l xaritasini ishlab chiqish rejalashtirilgan.

Hujjatda mas’ul idoralar 2026-yil aprelga qadar xalqaro konsalting kompaniyalari tavsiyalari asosida raqamli valyutani joriy etish bo‘yicha “yo‘l xaritasi”ni ishlab chiqishi va tasdiqlashi belgilangan.

Avvalroq, sentabr oyida Markaziy bank raisi Timur Ishmetov milliy raqamli valyutani chiqarish masalasini ko‘rib chiqish zarurligini aytgan edi. Uning so‘zlariga ko‘ra, raqamli valyutadan aholi va biznesning chakana to‘lovlarida, Markaziy bank va tijorat banklari o‘rtasidagi operatsiyalarda, shuningdek, Markaziy bankning boshqa mamlakatlar bilan tranzaksiyalarida foydalanish mumkin.

“Biz barcha variantlarni o‘rganib chiqish va ularni sinab ko‘rish istagidamiz”, — deya ta’kidladi u.

Istiqbolli loyihalar milliy agentligi (ILMA) direktorining birinchi o‘rinbosari Vyacheslav Pakning ta’kidlashicha, steyblkoinlardan (raqamli valyutalar) to‘lov vositasi sifatida foydalanishni sinovdan o‘tkazish va tokenlashtirilgan aksiyalarni ishga tushirish rejalashtirilgan.

Ma’lumot o‘rnida

Markaziy bankning raqamli valyutasi — bu mamlakat markaziy banki tomonidan chiqariladigan va kafolatlanadigan milliy valyutaning elektron shaklidir. Mohiyatan, bu “raqamli naqd pul” hisoblanadi: u oddiy pul bilan bir xil huquqiy maqomga ega, lekin raqamli shaklda mavjud.

Chakana raqamli valyuta aholi va biznes uchun mo‘ljallangan bo‘lib, kundalik to‘lovlar, pul o‘tkazmalari, tovarlar va xizmatlar uchun to‘lovlarni amalga oshirishda qo‘llaniladi. Ulgurji valyuta esa faqat moliyaviy muassasalar tomonidan banklararo hisob-kitoblarda, markaziy bank va tijorat banklari o‘rtasidagi operatsiyalarda, shuningdek, xalqaro tranzaksiyalarda ishlatiladi.

Raqamli valyuta pul o‘tkazmalarini tezroq, arzonroq va qulayroq qilishi mumkin, jumladan, ko‘plab vositachilarning ishtirokisiz ham.

Kriptovalyutalarning o‘sishi fonida markaziy banklar pul tizimining nazorati va barqarorligini saqlab qoladigan davlat raqamli muqobilini izlamoqda.

Chat