Huquqiy maslahat - bepul,tezkor, hammaga!

O‘zbekistonda bolaning familiyasi sifatida otasining ismini ishlatishga ruxsat bermoqchi

  • 13.01.2026
  • 39 marta o'qildi
Deputatlar bolaga otasining ismi bo‘yicha familiya berish imkoniyatini nazarda tutuvchi qonun loyihasini birinchi o‘qishda qabul qildi. Hozirgi vaqtda bolaning familiyasi ota-onasining familiyasi yoki bobosining ismi bo‘yicha aniqlanadi.

O‘zbekistonda ota ismini bolaning familiyasi sifatida ishlatishga ruxsat berilishi mumkin. Oliy Majlis Qonunchilik palatasining majlisida deputatlar Oila kodeksiga tegishli qo‘shimchalar kiritishni nazarda tutuvchi qonun loyihasini birinchi o‘qishda qabul qildilar.

Mazkur loyiha doirasida Oila kodeksining 69-moddasiga qo‘shimcha kiritish taklif etildi. Unga ko‘ra, bolaning familiyasi ota-onasining familiyasiga qarab belgilanadi yoki ota tomonidan ham, ona tomonidan ham bobosi nomidan yoziladi.

Adliya vaziri o‘rinbosari No‘mon Muhammadiyevning taʼkidlashicha, hozirgi kunda milliy anʼanalarga ko‘ra, ota yoki ona tomonidan bolaga ko‘pincha bobosining ismi bo‘yicha familiya beriladi.

"Bolaga otasining ismi bo‘yicha familiya berish imkoniyati yo‘qligi qonunchilik normalarining turlicha talqin qilinishiga va fuqarolarning haqli eʼtirozlariga sabab bo‘lmoqda. Masalan, mehribonlik uylari tarbiyalanuvchilari yoki ota-onalik huquqidan mahrum qilingan shaxslarning farzandlari o‘z farzandlariga ota-onalik huquqidan mahrum qilingan otasining familiyasi bo‘yicha familiya berishni xohlamaydi," - dedi No‘mon Muhammadiyev.

Uning so‘zlariga ko‘ra, bunday holatlarda har kuni 10-15 nafar ota-ona guvohnoma olgandan so‘ng maʼlum vaqt o‘tgach, farzandlarining familiyasi va ismini o‘zgartirib, tug‘ilganlik to‘g‘risidagi dalolatnoma yozuviga o‘zgartirishlar kiritadi.

Adliya vaziri o‘rinbosari xalqaro tajriba o‘rganilganini ham maʼlum qildi. Xususan, Rossiya, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston, shuningdek, Turkmanistonda bolaga otasining yoki bobosining ismi bo‘yicha familiya berish imkoniyati mavjud.

Mazkur qonun loyihasi fuqarolarga qo‘shimcha qulayliklar yaratish, ularning xohish-istaklarini milliy va diniy anʼanalarimizga mos ravishda ro‘yobga chiqarishga qaratilgan.

Chat