Mudofaa vazirligi ofitserlari ustamasi, oddiy askar va serjantlarning maoshini oshirish rejalashatirilmoqda. Bu haqda prezident, Qurolli Kuchlar Oliy bosh qo‘mondoni Shavkat Mirziyoyev 13-yanvar kuni mamlakat harbiy xavfsizligi va mudofaasini mustahkamlash masalalari bo‘yicha o‘tkazilgan yig‘ilishda aytib o‘tdi.
1-apreldan boshlab Mudofaa vazirligi ofitserlariga ko‘p yillik xizmati uchun ustama miqdori 2 karra oshiriladi. Kontrakt asosida xizmat qilayotgan oddiy askar va serjantlarning oylik maoshi 10 foizga ko‘paytiriladi.
“Harbiy xizmatchilar mehnatini qadrlash, ularning oila a’zolari va harbiy pensionerlarni ijtimoiy himoya qilish doimo diqqat-e’tiborimiz markazida bo‘lishi zarur”, — dedi prezident.
Qolaversa, hududiy mudofaa ishlari boshqarmasi va bo‘limlarining harbiy bo‘lmagan xizmatchilarini oyligi bu yil 20 foizga, kelasi yili yana 50 foizga oshiriladi.
Qurolli Kuchlar safida 30 yildan ortiq xizmat qilgan harbiylar uchun pensiya hisoblashda inobatga olinadigan oylik miqdori 75 foizdan 100 foizga yetkaziladi.
Mas’ullarga harbiy xizmatchilarning pensiya ta’minotini belgilaydigan qonun loyihasini ishlab chiqib, parlamentga kiritish topshirildi. Shu bilan birga, harbiy xizmatchilar uchun uy-joy qurilishi kengaytiriladi.