Qonunchilik palatasida ko‘rilgan qonun loyihasi bilan davlat xizmatchilariga tadbirkorlik taqiqlanmoqda, biznesga litsenziyasiz kirish rejimi joriy etilib, bolaga otasining ismini familiya sifatida berishga ruxsat berilmoqda. Hujjat birinchi o‘qishda qabul qilindi. Qonunchilik palatasining 13-yanvardagi navbatdagi majlisida Adliya vazirligi tomonidan ishlab chiqilgan “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga davlat xizmatlarini ko‘rsatish tizimini yanada takomillashtirish, manfaatlar to‘qnashuvining oldini olish, shuningdek, arxiv sohasidagi munosabatlarni tartibga solishga qaratilgan o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun loyihasi ko‘rib chiqildi. Mazkur loyiha bilan jami 2 ta kodeks hamda 12 ta qonunga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish nazarda tutilmoqda. Ma’ruzani adliya vaziri o‘rinbosari Nomon Muhammadiyev o‘qidi.
Qonun loyihasiga ko‘ra, davlat organlari va tashkilotlarida manfaatlar to‘qnashuvining oldini olish maqsadida 11 ta qonun, jumladan, Mehnat kodeksi, “Davlat fuqarolik xizmati to‘g‘risida”gi va “Davlat xaridlari to‘g‘risida”gi qonunlarga qo‘shimcha normalar kiritilmoqda.
Unga ko‘ra, davlat organi yoki tashkiloti xodimining tijorat tashkilotlarida ta’sischi bo‘lishga haqli emasligi qat’iy belgilab qo‘yilmoqda. Bu o‘zgarishlar tizimdagi huquqiy bo‘shliqlarni bartaraf etish va manfaatlar to‘qnashuvi to‘g‘risidagi qonun qoidalarining bir xilda qo‘llanilishini ta’minlashga xizmat qiladi.
Kiritilayotgan o‘zgarishlarga ko‘ra, yangi tahrirdagi normalar bilan “elektron arxiv” tushunchasi muomalaga kiritilib, arxiv hujjatlarining elektron nusxasi asl nusxa bilan bir xil huquqiy kuchga ega ekanligi tan olinmoqda.
Shuningdek, O‘zarxiv agentligining Adliya vazirligi tizimiga o‘tkazilishi munosabati bilan sohadagi vakolatlar qayta taqsimlanmoqda. Hozirda davlat arxivlaridagi 16 milliondan ortiq hujjatning 15 foizi raqamlashtirilgan bo‘lsa, 2030-yilga qadar bu ko‘rsatkichni 60 foizga yetkazish va arxiv xizmatlari vaqtini 30 daqiqadan 5 daqiqagacha qisqartirish rejalashtirilgan.
Tadbirkorlik faoliyatini qo‘llab-quvvatlash yo‘nalishida esa “biznesga litsenziyasiz kirish” maxsus rejimi yangi huquqiy institut sifatida joriy etilmoqda. Unga ko‘ra, Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadigan ayrim faoliyat turlari (masalan, rentgen uskunalaridan foydalanish yoki veterinariya laboratoriya ishlari) bo‘yicha tadbirkorlar 3 oygacha litsenziyasiz, faqat elektron xabardor qilish orqali ish boshlashlari mumkin bo‘ladi.
Bu moslashish davri tadbirkorlarga o‘z faoliyatining iqtisodiy samaradorligini sinab ko‘rish va litsenziya talablariga tayyorlanish uchun qo‘shimcha imkoniyat yaratishi ta’kidlandi.
Bundan tashqari, Oila kodeksining 69-moddasiga kiritilayotgan qo‘shimcha bilan bolaga familiya berishda otaning ismini familiya sifatida belgilash imkoniyati yaratilmoqda. Ma’ruzachi amaldagi tartibda faqat ota-onaning familiyasi yoki boboning ismi bo‘yicha familiya berish mumkinligi fuqarolar o‘rtasida turlicha talqinlar va e’tirozlarga sabab bo‘layotganini qayd etdi.
“Xalqaro tajriba asosida kiritilayotgan ushbu yangilik milliy va diniy an’analarga muvofiq fuqarolarning xohish-istaklarini ro‘yobga chiqarishga hamda FHDYO organlari bilan bog‘liq jarayonlarda qulaylik yaratishga xizmat qiladi”, — dedi Nomon Muhammadiyev.
Ma’ruzachining nutqi yakunida deputat Zafar Xudoyberdiyev familiyaga “ov”, “ova”, “yev” va “yeva” qo‘shimchalaridan boshqa qo‘shimchalar qo‘shish e’tirozlarga sabab bo‘layotganini ta’kidlab, bunday e’tirozlarni oldini olish uchun qo‘shimchalarni qonun bilan mustahkamlanishini aytdi.
“Familiya berilayotganda, uni qo‘shimchasi nuqtai nazaridan taklifim bor. Bolaga familiya berilayotganda amaliyotda shunday e’tirozlar borki, aynan o‘sha familiyani qo‘shimchasi nuqtai nazaridan. [Masalan,] Qirg‘izistondagi bolalar uchun „o‘g‘li“, qiz bolalar uchun „qizi“ qo‘shimchasini qo‘shilishi yoki Tojikistonda ona otaning familiyasi yoki otaning ismiga „ov“, „ov“ va „yev“, „yeva“ qo‘shimchalarini qo‘shmasdan yozilishi kabi asoslar keltirilyapti”, — deydi deputat.
Uning qayd etishicha, familiya qo‘shimchasi haqidagi normalar qo‘shni davlatlarning qonunlarida aks etgan. O‘zbekistonda esa familiyadagi qo‘shimchalar qonunosti hujjatlarida berilgan, lekin u ham juda ham aniq berilmagan.
“Agar biz shu amaliyot nuqtai nazaridan qaraydigan bo‘lsak, „ov“, „ova“ yoki „yev“, „yeva“ qo‘shimchalari bilan bolaga familiya beradigan bo‘lsak, hech qanaqa e’tiroz bildirilmaydi. Lekin „iy“ qo‘shimchasi, masalan, Zafariy deb beradigan bo‘lsak yoki Zafarzoda deb beradigan bo‘lsak yoki Zafarshoh deb bermoqchi bo‘lsak, darhol e’tirozlar boshlanadi. Bu noto‘g‘ri, bunday qo‘yish mumkin emas, deydi”, — deya qayd etdi Xudoyberdiyev.
Deputat Oila kodeksiga kiritilayotgan qo‘shimchaning mantiqiy davomi sifatida ikkinchi o‘qishga familiyaga qo‘shiladigan qo‘shimcha norma sifatida qonunosti hujjatlarda emas, aynan qonunda aks etsa, e’tirozlar kamayishini ta’kidladi.
Qonun loyihasi deputatlar tomonidan ma’qullanib, birinchi o‘qishda qabul qilindi.