Huquqiy maslahat - bepul,tezkor, hammaga!

Xavfsizlik kamarini taqmaslik mumkin bo‘lgan kasalliklar va holatlar ro‘yxati tasdiqlandi

  • 14.01.2026
  • 17 marta o'qildi

Tibbiy maʼlumotnoma kasallik turi va holatiga qarab muddatsiz yoki cheklangan muddatga - 1 yilgacha beriladi.


Sog‘liqni saqlash vazirining buyrug‘i bilan xavfsizlik kamaridan foydalanish mumkin bo‘lmagan kasalliklar ro‘yxati tasdiqlandi.

"Yo‘l harakati qoidalarini tasdiqlash to‘g‘risida"gi hukumat qaroriga ko‘ra, fuqarolarga Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan belgilangan kasalliklar va holatlar ro‘yxatiga muvofiq hamda ularning mavjudligini tasdiqlovchi tibbiy maʼlumotnoma mavjud bo‘lgan taqdirda xavfsizlik kamaridan foydalanmaslikka ruxsat beriladi.

Ushbu ro‘yxatga quyidagi kasalliklar va holatlar kiritilgan:

• o‘mrov va to‘sh suyagining sinishi;
• yelka kamarining sinishi;
• qovurg‘alar sinishi;
• chap o‘mrov suyagi sinishi bilan bog‘liq operatsiyalar;
• chap o‘mrov soxta bo‘g‘imining sinishi;
• umurtqa pog‘onasining kompression sinishi;
• o‘pkaning surunkali obstruktiv kasalligi (IV bosqich);
• bronxial astma (IV bosqich);
• o‘pkaning interstitsial zararlanishi (fibroz va boshqalar);
• o‘pkaning bir qismini yoki hammasini (chap yoki o‘ng) olib tashlash - lobektomiya, pnevmonektomiya;
• III bosqich va dekompensatsiya bosqichidagi surunkali yurak yetishmovchiligi;
• og‘ir yurak-qon tomir kasalliklari (o‘tkazilgan infarktlar, ishemiya va boshqalar);
• semizlikning III darajasi (BMI ≥ 40);
• past bo‘ylik (nanizm) - 150 sm dan past;
• qo‘l yoki yelka harakatini cheklovchi nevrologik kasalliklar;
• ko‘krak qafasidagi allergik yoki dermatologik kasalliklarning og‘ir shakllari (ekzema, psoriaz);
• o‘mrov, to‘sh, yelka, kurak va qovurg‘a sohalarida ichki va tashqi implantlarning mavjudligi;
• ko‘krak qafasi yoki qorin bo‘shlig‘ida o‘tkazilgan ochiq operatsiyalar;
• stoma mavjudligi (sunʼiy chiqish);
• ko‘krak qafasining yirik o‘smalari.

Tibbiy maʼlumotnoma 1 yil muddatga beriladi. O‘pkasining bir qismi yoki hammasi olib tashlangan, shuningdek, bo‘yi past bo‘lgan fuqarolarga tibbiy maʼlumotnoma muddatsiz beriladi.

O‘mrov suyagi, to‘sh suyagi, yelka kamari, qovurg‘alar, chap o‘mrov suyagining soxta bo‘g‘imi singanda, umurtqa pog‘onasi kompression singanda yoki chap o‘mrov suyagi singanligi munosabati bilan o‘tkazilgan operatsiyada maʼlumotnoma belgilangan muddatlarga (2 oyga, 4 oyga, 6 oyga, 1 yilga) beriladi.

Ko‘rsatilgan kasalliklar mavjudligi to‘g‘risidagi QR-kodli elektron tibbiy maʼlumotnoma "Elektron sog‘liqni saqlash" axborot tizimida ilova ko‘rinishida rasmiylashtiriladi va bemor biriktirilgan birlamchi tibbiy-sanitariya yordami tashkiloti yoki u davolangan tibbiyot tashkiloti tomonidan beriladi.

Shuningdek, elektron tibbiy maʼlumotnoma birlamchi tibbiy-sanitariya yordami tashkiloti tomonidan bemor davolangan nodavlat tibbiyot tashkilotining tegishli xulosasi asosida berilishi mumkin.

Chat