Markaziy bank tashabbusi bilan Kredit-axborot tahliliy markazi kredit byurosi “Kredit xabarnoma” xizmatini yo‘lga qo‘ydi. Xizmat orqali fuqarolar o‘z nomiga yangi kredit shartnomasi rasmiylashtirilgani haqida darhol xabardor bo‘ladi. Xabarnomalar SMS orqali va KATM mobil ilovasida push-bildirishnoma ko‘rinishida yuboriladi.
KATM xabariga ko‘ra, mazkur xizmat 16-martdan boshlab KATM mobil ilovasi va rasmiy veb-sayti orqali foydalanuvchilarga taqdim etilmoqda.
Yangi xizmat noqonuniy yoki shaxs roziligisiz rasmiylashtirilgan kreditlarni o‘z vaqtida aniqlashga xizmat qiladi. Shuningdek, foydalanuvchilar o‘z kredit tarixi ma’lumotlarini doimiy ravishda nazorat qilib borishi mumkin. Barcha ma’lumotlar mobil ilovada jamlangan.
Xizmatdan foydalanish uchun KATM mobil ilovasidagi “Qo‘shimcha xizmatlar” bo‘limi orqali “Kredit xabarnoma” funksiyasini faollashtirish lozim. Bunda SMS xabarnoma xizmati avvaldan ulangan bo‘lishi kerak.
Xizmat pulli bo‘lib, uning qiymati bazaviy hisoblash miqdorining 0,01 barobari (QQSsiz) yoki 4 614,40 so‘m (QQS bilan)ni tashkil etadi. Xizmat 1 yil davomida amal qiladi va to‘lov amalga oshirilgandan so‘ng avtomatik tarzda faollashtiriladi.
Agar fuqaroga kredit rasmiylashtirilgani haqida xabarnoma kelib tushsa va bu kredit u tomonidan olinmagan bo‘lsa, avval KATM mobil ilovasi orqali kredit tarixini tekshirish tavsiya etiladi. Zarur hollarda “Kreditga taqiq” xizmatini faollashtirish, kredit rasmiylashtirilgan tashkilotga va huquqni muhofaza qiluvchi organlarga murojaat qilish mumkin.
Agar xabarnoma fuqaro tomonidan rasmiylashtirilgan kreditga tegishli bo‘lsa, qo‘shimcha harakat talab etilmaydi.