Huquqiy maslahat - bepul,tezkor, hammaga!

O‘zbekistonda islomiy banklar tashkil etiladi

  • 31.03.2026
  • 9 marta o'qildi

Islomiy banklarni tashkil qilish bo‘yicha tegishli qonun qabul qilindi.


O‘zbekistonda islomiy bank faoliyatini joriy etishga qaratilgan qonun qabul qilindi. Hujjat bilan qator qonunlarga qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritilib, mamlakatda islomiy moliya xizmatlarini bosqichma-bosqich yo‘lga qo‘yish uchun huquqiy asos yaratilmoqda.

Qonunda qayd etilishicha, Markaziy bank tizimida islomiy moliya kengashi tashkil etiladi. U islomiy moliya standartlarini ishlab chiqish, normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini ko‘rib chiqish, shuningdek, sohadagi bahsli masalalar yuzasidan tushuntirish va xulosalar berish bilan shug‘ullanadi.

Qonun doirasida:

— islomiy moliya operatsiyalari turlari belgilandi;

— banklarga maxsus litsenziyalar asosida faoliyat yuritishga ruxsat beriladi;

— islomiy moliya standartlariga muvofiq boshqaruv tizimini joriy etish talab qilinadi.

Qonun bilan “Banklar va bank faoliyati to‘g‘risida”gi qonunga ham o‘zgartirishlar kiritilib, islomiy bank faoliyati tushunchasi alohida belgilab qo‘yilmoqda. Unga ko‘ra, banklar islomiy moliya standartlariga muvofiq moliyalashtirish, investitsiyaviy omonatlarni jalb etish, tovarni nasiyaga sotish, oldindan haq to‘lash orqali moliyalashtirish, sherikchilik asosida ishtirok etish va islomiy ijara kabi operatsiyalarni amalga oshirishi mumkin bo‘ladi.

Shuningdek, islomiy bank faoliyatini amalga oshirish uchun alohida litsenziya joriy etiladi. Bunda banklar o‘z faoliyatida islomiy moliya kengashini tuzishi, ichki audit va maxsus bo‘linmalarni shakllantirishi, uch yillik biznes-reja va boshqa zarur hujjatlarni taqdim etishi lozim bo‘ladi.

Hujjatda banklar firma nomi yoki xizmat ko‘rsatish belgisida “islomiy” atamasidan faqat tegishli litsenziyaga ega bo‘lgan taqdirdagina foydalanishi mumkinligi ham belgilangan. Litsenziyasiz bunday atamadan foydalanishga yo‘l qo‘yilmaydi.

Bundan tashqari, qonun bilan mikromoliya tashkilotlari uchun ham islomiy bank faoliyatini amalga oshiruvchi mikromoliya banki faoliyatiga o‘tish yoki faqat islomiy bank faoliyatini amalga oshiruvchi mikromoliya banki sifatida ishlash imkoniyati nazarda tutilgan.

Chat