Huquqiy maslahat - bepul,tezkor, hammaga!

O‘zbekistonda shaxsga doir ma’lumotlar to‘g‘risidagi qonun yumshatildi. Bu orqali Apple Pay va Google Pay xizmatlarini ishga tushirish mumkin

  • 31.03.2026
  • 10 marta o'qildi

Prezident shaxsga doir ma’lumotlar to‘g‘risidagi qonun talablariga muvofiq, uni mamlakat tashqarisida qayta ishlashga ruxsat beruvchi tuzatishlarni imzoladi. Bu Apple Pay, Google Pay va PayPal tizimlari uchun yo‘l ochishi mumkin. Faqat ma’lumotlarning ayrimlari mamlakat ichida lokalizatsiya qilinishi mumkin.


O‘zbekistonda “Shaxsga doir ma’lumotlar to‘g‘risidagi qonunga ma’lumotlarni saqlash va qayta ishlash qoidalarini liberallashtirishga qaratilgan o‘zgartirishlar kiritildi. Bu haqda Adliya vazirligining axborot kanalida xabar berildi.

Prezident tomonidan 26-mart kuni imzolangan qonunga ko‘ra, mamlakat ichida faqat ma’lumotlarning ayrim toifalari — xususan, jismoniy shaxslarning biometrik va genetik ma’lumotlari, shuningdek, O‘zbekistonda faoliyat yurituvchi telekommunikatsiya operatorlari foydalanuvchilarining ma’lumotlari majburiy saqlanishi kerak.

Yuqorida ko‘rsatilmagan shaxsga doir ma’lumotlar quyidagi shartlardan biri bajarilganda, O‘zbekistondan tashqarida saqlanishi va ishlov berilishi mumkin:

  • chet davlatni shaxsga doir ma’lumotlarning bir xil himoya qilinishini ta’minlovchi davlat sifatida tan olish;
  • operator tomonidan vakolatli davlat organi tasdiqlaydigan talablarga javob beruvchi standart shartnomaviy shartlar yoki majburiy korporativ qoidalar qabul qilinishi va ularga rioya etilishi;
  • ro‘yxati vakolatli davlat organi tomonidan tasdiqlanadigan shaxsga doir ma’lumotlarni boshqarish va saqlash sohasidagi xalqaro standartlarga operator tomonidan rioya etilishi.

Avvalroq Vazirlar Mahkamasiga shaxsga doir ma’lumotlarni himoya qilishning zarur darajasi ta’minlanadigan davlatlar ro‘yxatini tasdiqlash huquqi berilgani xabar qilingandi.

Ushbu tuzatishlar Apple Pay, Google Pay va PayPal xalqaro to‘lov xizmatlarining bozorga kirishiga yo‘l ochishi kutilmoqda.

Qonun rasmiy e’lon qilingan kundan boshlab kuchga kiradi.

Chat