O‘zbekiston 2026 yilda sunʼiy yo‘ldosh internetini sinovdan o‘tkazishni rejalashtirmoqda. Bu haqda bosh vazir Abdulla Aripov Chimkentda bo‘lib o‘tgan Digital Qazaqstan 2026 xalqaro forumida taʼkidladi, deya xabar qildi Digital Bussiness.
Hukumat rahbari qayd etishicha, oxirgi to‘qqiz yilda O‘zbekiston tarmoqqa ulanishni taʼminlashda ulkan yutuqqa erishib, raqamli tengsizlik masalasini deyarli to‘liq hal qildi.
Endi asosiy eʼtibor sunʼiy yo‘ldosh texnologiyalarini joriy etish orqali chekka hududlarga qaratilmoqda. Aripov mamlakatda keng polosali internet qamrovi allaqachon 41 foizdan 99,5 foizgacha oshganini bildirdi.
«Biz chekka hududlarni ulash vazifasini hal etyapmiz — joriy yilning o‘zidayoq sunʼiy yo‘ldosh internetini sinov tariqasida ishga tushirish rejalashtirilgan bo‘lib, uning operatorlari uchun soliq imtiyozlari paketi shakllantirilgan», — dedi O‘zbekiston bosh vaziri.
Eslatib o‘tamiz, prezident Shavkat Mirziyoyev 2026 yildan boshlab mamlakatning chekka hududlarini yuqori tezlikdagi internet bilan taʼminlaydigan sunʼiy yo‘ldosh internet operatorlari ishlay boshlashini maʼlum qilgandi. Ular besh yil muddatga yer, mol-mulk, daromad va QQS soliqlaridan ozod qilinadi.
Oktyabr oyi boshida O‘zbekiston Amazon bilan sunʼiy yo‘ldosh internetini ishga tushirish bo‘yicha dastlabki kelishuvga erishgandi. Raqamli texnologiyalar vazirligi va Amazon Kuiper Commercial Service o‘zaro anglashuv memorandumini imzolagan.
2024 yil avgust oyida Qozog‘iston Ilon Maskning SpaceX kompaniyasining Starlink sunʼiy yo‘ldosh internetini ishga tushirgan Markaziy Osiyodagi birinchi davlat bo‘lgandi — eng maqbul tarif rejasi oyiga $43 atrofida. Oktyabr oyida Tojikiston aloqa xizmati ham Starlink bilan shunday shartnoma imzoladi, tizimning Qirg‘iziston, Tojikiston, Turkmaniston va O‘zbekistonda ishga tushirilishi esa 2025−2026 yillarda kutilmoqda. O‘zbekiston ulanishi dastlab 2023 yilda rejalashtirilgandi.