Huquqiy maslahat - bepul,tezkor, hammaga!

O‘zbekistonda havo sifati qanday yaxshilanadi?

  • 31.03.2026
  • 15 marta o'qildi

Shavkat Mirziyoyev ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish sohasidagi 2026–2030-yillarga mo‘ljallangan ustuvor umummilliy loyihalar taqdimoti bilan tanishdi.


Atmosfera havosi sifatini yaxshilash, shahar va hududlarda yashil maydonlarni kengaytirish, ekologik ta’lim va madaniyatni yuksaltirish, cho‘llanishga qarshi kurashishning ilmiy va amaliy asoslarini mustahkamlashga qaratilgan tashabbuslar ko‘rib chiqildi.

Avvalo, “Toza havo” umummilliy loyihasi doirasida amalga oshirilishi rejalashtirilgan ishlar haqida ma’lumot berildi. Qayd etilishicha, bugungi kunda Toshkent shahrida havoning ifloslanish darajasi belgilangan me’yorlardan oshib ketish holatlari qayd etilmoqda. Xuddi shunday holat Navoiy, Farg‘ona, Chirchiq va Termizda ham kuzatilmoqda.

Sanoatning o‘sishi, uglerod yoqilg‘isidan keng foydalanish, transport vositalarining ko‘payishi, tabiiy omillar va nazoratning yetarli darajada emasligi asosiy omillar sifatida ko‘rsatildi. Shu munosabat bilan 2030-yilgacha quyidagi asosiy maqsadlar belgilandi:

  • atmosferaga ifloslantiruvchi moddalar chiqarish hajmini qisqartirish;
  • sanoat obyektlarida chiqindilarni tutib qolish ulushini oshirish;
  • transportdan chiqadigan zararli tashlamalarni kamaytirish;
  • PM2,5 bo‘yicha me’yordan oshgan kunlar sonini kamaytirish.

Toshkentda PM2,5 konsentratsiyasi 2025-yilga nisbatan sezilarli darajada kamaygani qayd etildi. Kelgusida hududiy dasturlarni bosqichma-bosqich qabul qilish, har bir hududda tahlil va diagnostika ishlarini tashkil etish, havoni monitoring qilishning yagona tizimini yaratish va ifloslantiruvchi manbalarni xatlovdan o‘tkazish rejalashtirilgan.

“Toza havo” loyihasida energetika va sanoatga alohida e’tibor qaratilgan. Qisman muqobil energiya hisobiga mahsulot ishlab chiqarayotgan korxonalarga soliq imtiyozlari va moliyaviy rag‘batlar berish, avtomatik monitoring stansiyalari, filtrlar, chang-gaz tozalash va energiya tejamkor qurilmalarni keng joriy etish ko‘zda tutilgan.

Toshkent shahri va unga tutash hududlardagi sanoat korxonalarida ma’lumotlarni yagona geoaxborot tizimiga integratsiya qilgan holda majburiy avtomatik monitoring postlari o‘rnatiladi. Talablarga rioya qilmagan subyektlar uchun kompensatsiya to‘lovlari sezilarli darajada oshiriladi. Qurilish sohasida ham ekologik talablar kuchaytirilmoqda.

Yangi yirik obyektlarni loyihalashtirishda ko‘kalamzorlashtirish ulushi oshiriladi, qurilish materiallarini yopiq joylarda saqlash, chiqindilarni maxsus quvurlar va konteynerlar orqali utilizatsiya qilish, qurilish maydonlarini himoya to‘siqlari bilan o‘rash, shuningdek, onlayn kuzatuv kameralarini o‘rnatish ko‘zda tutilgan.

Shuningdek, “shamol yo‘laklari”ni saqlab qolish, qurilishda ekologik ekspertiza xulosalarini inobatga olish, shaharning ekologik va suv resurslarini boshqarish bo‘yicha master-reja ishlab chiqish taklif etildi. Chang hosil qiluvchi tabiiy omillarni kamaytirish bo‘yicha quyidagi choralar belgilandi:

  • Toshkent shahri atrofida “yashil belbog‘” barpo etish;
  • Surxondaryo va Sirdaryo viloyatlarida “yashil devorlar”ni shakllantirish;
  • sun’iy ko‘llar va suv havzalari qurish;
  • poytaxt tumanlarida favvoralar sonini ko‘paytirish;
  • barglarni kompost va mulchaga qayta ishlashni yo‘lga qo‘yish.

Mazkur chora-tadbirlar chang zarralari konsentratsiyasini kamaytirish va shahar muhitini sog‘lomlashtirishga qaratilgan.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistonda “10 ming qadam piyoda” tashabbusini qayta tiklash rejalashtirilgan. Hukumat aholi o‘rtasida ekologik madaniyatni oshirishni maqsad qilgan.

Chat