Huquqiy maslahat - bepul,tezkor, hammaga!

Markaziy bank 10,3 mln so‘mdan yuqori pul o‘tkazmalari ustidan nazoratni kuchaytirmoqchi

  • 01.04.2026
  • 27 marta o'qildi

O‘zbekiston Markaziy banki tijorat banklarida pul o‘tkazmalari bo‘yicha nazoratni kuchaytirishni nazarda tutuvchi yangi talablarni joriy etishni taklif qildi.


Loyihaga ko‘ra, endilikda 25 bazaviy hisoblash miqdoridan (10,3 mln so‘m) yuqori bo‘lgan pul o‘tkazmalari bo‘yicha maʼlumotlar yana-da batafsil tarzda taqdim etilishi talab qilinadi.

Yangi qoidalar FATF (jinoiy daromadlarni legallashtirishga qarshi kurash bo‘yicha xalqaro guruh) tavsiyalari asosida ishlab chiqilgan bo‘lib, ular tijorat va mikromoliya banklariga tatbiq etiladi.

Unga ko‘ra:

  • pul o‘tkazmalari jo‘natuvchidan qabul qiluvchigacha to‘liq kuzatib borilishi shart bo‘ladi;

  • operatsiyani kuzatish uchun hisob raqami yoki maxsus identifikator ko‘rsatilishi talab etiladi;

  • jismoniy shaxslar uchun qo‘shimcha ravishda yashash manzili va tug‘ilgan sanasi, yuridik shaxslar uchun esa STIR (INN) ko‘rsatilishi kerak bo‘ladi;

  • qabul qiluvchi haqidagi maʼlumotlar ham kengaytirilib, uning joylashuvi (shahar yoki mamlakat) ham kiritiladi.

Shuningdek, banklar ichki pul o‘tkazmalarida jo‘natuvchi va qabul qiluvchi haqidagi maʼlumotlarni, jumladan jismoniy shaxsning PINFL raqamini taqdim etishi lozim bo‘ladi.

25 BHMdan kam bo‘lgan o‘tkazmalar uchun esa soddalashtirilgan talablar saqlanib, faqat jo‘natuvchi va qabul qiluvchi nomi hamda operatsiya identifikatori ko‘rsatilishi kifoya qiladi.

Bundan tashqari:

  • banklar karta orqali amalga oshiriladigan to‘lovlarda karta raqamining to‘liq kuzatilishini taʼminlashi shart bo‘ladi;

  • naqd pul yechish operatsiyalari ham qo‘shimcha maʼlumotlar bilan birga yuritiladi;

  • xalqaro naqd pul yechish holatlarida banklar mijoz haqidagi maʼlumotlarni 3 ish kuni ichida taqdim etishi kerak bo‘ladi.

Mazkur o‘zgartishlar muhokamasi 4 aprelgacha davom etadi.

Chat