Huquqiy maslahat - bepul,tezkor, hammaga!

Issiqxonalarni Toshkentdan Surxondaryo viloyatiga ko‘chirish chora-tadbirlari tasdiqlandi

  • 14.04.2026
  • 17 marta o'qildi
Issiqxonalarni ko‘chirgan tadbirkorlar uchun imtiyozlar ko‘zda tutilgan, qolgan xo‘jaliklar esa yangi talab va cheklovlar asosida ishlaydi.

Avvalroq rasmiylar issiqxona xo‘jaliklarini Toshkentdan iqlim sharoiti yaxshi bo‘lgan hududlarga ko‘chirishni va poytaxtda yangilarini yaratishni cheklashni rejalashtirayotgani haqida xabar bergan edik.

Hukumat qaroriga ko‘ra, shu maqsadda Surxondaryo viloyatining Sherobod tumanida “Surxon-Agro” erkin iqtisodiy zonasi tashkil etilib, issiqxona xo‘jaliklari ko‘chiriladi.

Issiqxonalarni ko‘chirish natijasida bo‘shagan yer uchastkalarida intensiv bog‘dorchilik, uzumchilik va ko‘chatchilikni rivojlantirib, yashil bog‘lar tashkil etishga ruxsat beriladi.

Davlat mulki bo‘lgan va tadbirkorlik subyektlariga ijara huquqi asosida berilgan yer uchastkalarida issiqxonalar faoliyati to‘xtatiladi hamda bino va inshootlar qurish taqiqlanadi.

Issiqxonalar faoliyatini to‘xtatib, “Surxon-Agro” hududida davom ettirgan tadbirkorlarga xalqaro moliya institutlari, maqsadli jamg‘armalar, Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasi hamda tijorat banklari mablag‘lari hisobidan ajratiladigan kreditlar 3 yilgacha imtiyozli davr bilan 5 yilgacha uzaytiriladi.

2028 yil 1 aprelga qadar “Surxon-Agro” zonasiga ko‘chirishda issiqxona konstruksiyalari va uskunalarini demontaj qilish, tashish va o‘rnatish bilan bog‘liq xarajatlar kompensatsiya qilinadi.

Bundan tashqari, 1 iyundan boshlab ko‘mir, mazut va atmosfera uchun zararli bo‘lgan boshqa yoqilg‘i turlaridan foydalanadigan yangi issiqxona xo‘jaliklarini tashkil etish va davlat ro‘yxatidan o‘tkazish taqiqlanadi.

1 avgustdan boshlab mavjud issiqxonalar faoliyati iqtisodiy samaradorlik nuqtai nazaridan qayta ko‘rib chiqilishi, shuningdek, shaharsozlik va ekologik talablarga muvofiqlashtirilishi lozim. Shu munosabat bilan quyidagi cheklovlar va oshirilgan tariflar joriy etiladi:

- issiqxona xo‘jaliklariga tabiiy gaz yetkazib berish to‘liq to‘xtatiladi va amaldagi shartnomalar bekor qilinadi;

- issiqxonalar tomonidan foydalaniladigan suv resurslari tariflari sanoat korxonalari uchun belgilangan eng yuqori stavkalarning besh baravari miqdorida hisoblanadi.

Bundan tashqari, 1 avgustdan boshlab issiqxonalarda ko‘mir, shifer, bitum, mazut, rezina, sintetik materiallar, jun tolasi va shunga o‘xshash komponentlardan foydalanish natijasida hosil bo‘ladigan chiqindilarni joylashtirish uchun kompensatsiya to‘lovlari 20 baravarga oshiriladi va ekologik xulosa qayta ko‘rib chiqiladi.

Chat