O‘zbekistonda tadbirkorlik subyektlariga nisbatan moliyaviy jarimalarni qo‘llash tartibini yengillashtirish rejalashtirilmoqda: onlayn shikoyat berish mexanizmini joriy etish, to‘lovlarni bo‘lib-bo‘lib to‘lash, jarima bekor qilinganda mablag‘ni qaytarish va elektron reyestr yaratish taklif etilmoqda.
Prezident Shavkat Mirziyoyev dushanba kuni tadbirkorlarga nisbatan moliyaviy jarimalarni qo‘llash tartibini yana-da liberallashtirish va ortiqcha byurokratik to‘siqlarni qisqartirishga qaratilgan takliflar taqdimoti bilan tanishdi.
Jumladan, joriy yil 1 oktyabrdan boshlab moliyaviy jarimalarni ixtiyoriy to‘lashni rag‘batlantirishning yagona yangi tartibini joriy etish taklif qilinmoqda. Unga ko‘ra, agar tadbirkor vakolatli organ qarori topshirilgan kundan boshlab bir oy ichida jarimaning 50 foizini to‘lasa, qolgan qismini to‘lashdan ozod etiladi.
Shuningdek, jarimani 6 oy davomida teng ulushlarda to‘lash imkoniyati ham nazarda tutilmoqda. Bunda, agar qaror topshirilganidan keyin bir oy ichida jarimaning 1/6 qismi to‘lansa, ushbu tartib avtomatik ravishda qo‘llaniladi.
Sud nazoratini kuchaytirish maqsadida, agar vakolatli organning jarima qo‘llash haqidagi qarori sud tomonidan bekor qilinsa yoki haqiqiy emas deb topilsa, undirilgan mablag‘lar 15 kun ichida qaytarilishi belgilanmoqda. Agar bu muddat buzilsa, har bir kechiktirilgan kun uchun Markaziy bankning asosiy stavkasi asosida foizlar hisoblanishi taklif etilmoqda.
Shu bilan birga, Biznes-ombudsman yuritadigan «Yagona davlat nazorati» axborot tizimida tadbirkorlarga nisbatan qo‘llanilgan moliyaviy jarimalarning elektron reyestrini joriy etish taklif qilinmoqda.
Vakolatli organlarning qarorlari qabul qilinganidan so‘ng majburiy tarzda ushbu tizimga kiritilishi va elektron raqamli imzo bilan tasdiqlanishi lozim bo‘ladi.
Axborot tizimiga kiritilmagan va elektron raqamli imzo bilan tasdiqlanmagan qarorlar haqiqiy emas deb hisoblanadi va ular asosida jarima undirishga yo‘l qo‘yilmaydi.
Shuningdek, moliyaviy jarimalar hisobini yuritish, ularni monitoring qilish va mobil ilova orqali onlayn to‘lash imkoniyatini yaratish, shuningdek manfaatdor idoralarning axborot tizimlarini integratsiya qilish zarurligi taʼkidlandi.
Bundan tashqari, tadbirkorning shaxsiy kabineti orqali moliyaviy jarimalar bo‘yicha qarorlarni onlayn tarzda shikoyat qilish mexanizmini joriy etish, shikoyat berilgan paytdan boshlab qaror ijrosini avtomatik ravishda to‘xtatib turish ham nazarda tutilmoqda.
Masʼullarga taqdim etilgan takliflarni puxta ishlab chiqish bo‘yicha tegishli topshiriqlar berildi.