Endilikda Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali foydalanuvchilari xabarnoma orqali sud majlisi to‘g‘risida xabardor qilinadi. Bu haqda Oliy sud matbuot xizmati ma’lum qildi.
Bu prezidentining 2025-yil 21-avgustdagi “Sudlar faoliyatiga sun’iy intellekt texnologiyalarini joriy etish orqali odil sudlovga erishish darajasini oshirish hamda sud tizimining moddiy-texnik ta’minotini yaxshilashga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmonida belgilangan vazifa hisoblanadi.
Unga ko‘ra, Oliy sudning axborot tizimlari Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali bilan integratsiya qilindi.
Buning natijasida jismoniy va yuridik shaxslar o‘zlariga tegishli fuqarolik, ma’muriy, iqtisodiy va ma’muriy huquqbuzarlik to‘g‘risidagi ishlar yuzasidan sud majlisi o‘tkaziladigan sana, vaqt va sud to‘g‘risida oldindan xabardor bo‘ladi.
“Ushbu xizmat joriy etilishi natijasida fuqarolar va tadbirkorlik subyektlarining sudga kelib-ketish bilan bog‘liq ortiqcha xarajatlari va vaqt sarfi qisqartiriladi, shuningdek, sud majlisi ishtirokchilarining sud majlisi tayinlangani haqida bexabar qolish holatlariga barham beriladi”, — deyiladi Oliy sud xabarida.