Huquqiy maslahat - bepul,tezkor, hammaga!

1 dekabrdan qonunchilikda nimalar o‘zgaradi?

  • 01.12.2020
  • 1486 marta o'qildi

1. Maʼmuriy huquqbuzarlik to‘g‘risidagi ishlarni ko‘rib chiqish jinoyat ishlari bo‘yicha sudlarga o‘tkaziladi

2020 yil 1 dekabrdan:

  • maʼmuriy huquqbuzarliklar to‘g‘risidagi ishlarni ko‘rib chiqish vakolati jinoyat ishlari bo‘yicha sudlar vakolatiga o‘tkaziladi;

  • huquqbuzarliklarni sodir etgan shaxs tomonidan maʼmuriy jarimani sud va vakolatli idoralarda ish ko‘rilgunga qadar ixtiyoriy to‘lash rag‘batlantiriladi.

2. Umumtaʼlim fanlari bo‘yicha sertifikatlash joriy etiladi

Bosqichma-bosqich bakalavriat taʼlim yo‘nalishlariga mos fanlar majmuasidagi umumtaʼlim fanlaridan bilish darajasini baholashning milliy test tizimi joriy etiladi.

Umumtaʼlim fanlari bo‘yicha sertifikatlash 2020 yil 1 dekabrda ona tili va adabiyot (o‘zbek tili va adabiyoti, rus tili va adabiyoti, qoraqalpoq tili va adabiyoti) hamda matematika fanlari bo‘yicha joriy etiladi.

3. O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universiteti respublikadagi barcha jismoniy tarbiya va sport sohasidagi davlat tashkilotlari hamda sport federatsiyalari (uyushmalari) faoliyati ustidan o‘quv va ilmiy-uslubiy rahbarlikni amalga oshiradi.

4. Davlat tibbiy sug‘urtasi jamg‘armasi tashkil etiladi

Jamg‘armaning asosiy vazifalari, jumladan, quyidagilar hisoblanadi:

  • davlat tibbiy sug‘urtasi tizimini joriy etish, boshqarish hamda ushbu sohada yagona davlat siyosatini amalga oshirishda idoralararo hamkorlikni taʼminlash;

  • aholining barcha qatlamlarini kafolatlangan paket doirasida sifatli va zarur tibbiy yordam bilan taʼminlash maqsadida tibbiy xizmatlar strategik xaridi tizimini joriy etish.

5. Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari bilan birgalikda atrof-muhitga salbiy taʼsir ko‘rsatadigan I va II toifalarga mansub bo‘lgan mo‘ljallanayotgan va rejalashtirilayotgan faoliyat turlari bo‘yicha jamoatchilik eshituvlari o‘tkaziladi.

6. 2020 yil 1 dekabrdan:

jinoyat natijasida davlatga yetkazilgan zarar, davlat bojlari, jinoiy va maʼmuriy jarimalar, davlat foydasiga boshqa turdagi undiruvlar hamda davlat daromadiga o‘tkaziladigan olib qo‘yilgan mol-mulkni sotishga oid ijro hujjatlari bo‘yicha kelib tushgan mablag‘lar alohida g‘aznachilik hisobraqamida jamlanadi va belgilangan miqdorda “Temir daftar”, “Ayollar daftari” va “Yoshlar daftari”ga kiritilgan fuqarolarni qo‘llab-quvvatlash uchun ochilgan hisob raqamlariga proporsional tartibda yo‘naltiriladi.

Chat