Huquqiy maslahat - bepul,tezkor, hammaga!

Bolalarga otasining ismini familiya sifatida qo‘yishga ruxsat berililadi

  • 14.08.2026
  • 9 marta o'qildi

Oila kodeksiga tegishli o‘zgartirishlar kiritiladi. Hozirgi vaqtda bolaning familiyasini ota-onasining familiyasidan yoki milliy anʼanalarni hisobga olgan holda bobosining ismidan hosil qilish mumkin.


Oliy Majlis Senati 8 avgust kuni Oila kodeksiga o‘zgartirishlar kiritishni nazarda tutuvchi qonunni maʼqulladi. Tuzatishlar bolaga bevosita otasining ismidan hosil qilingan familiyani berish imkonini beradi. Oila kodeksining 69-moddasiga tegishli o‘zgartirish kiritish taklif etilmoqda.

Amaldagi qonunchilikka ko‘ra, bolaning familiyasi ota-onaning familiyasi bilan belgilanadi. Agar ota-ona har xil familiyali bo‘lsa, ularning kelishuviga ko‘ra bolaga otasining yoki onasining familiyasi beriladi.

Bundan tashqari, milliy anʼanalarni hisobga olgan holda, ota-onalar bolaning familiyasini ham ota, ham ona bobosi nomidan tuzishlari mumkin. Bunda bevosita otaning ismidan familiya hosil qilish imkoniyati moddaning amaldagi tahririda nazarda tutilmagan.

Senator Odiljon Mamatkarimovning aytishicha, bunday normaning yo‘qligi fuqarolarning murojaatlariga sabab bo‘lmoqda. Xususan, gap mehribonlik uylarida tarbiyalangan erkaklar, shuningdek, ularning ota-onalari ota-onalik huquqidan mahrum etilgan holatlar haqida bormoqda. Bunday vaziyatlarda baʼzi fuqarolar farzandining familiyasi bobosining ismidan hosil bo‘lishini xohlamaydilar.

Yig‘ilishda, shuningdek, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston va Turkmaniston qonunchiligida bolaning familiyasi otasi yoki bobosi nomidan olinishi mumkinligi qayd etildi.

Senatorlarning taʼkidlashicha, yangilik ota-onalarning farzandiga milliy va diniy anʼanalarni hisobga olgan holda familiya tanlash imkoniyatlarini kengaytiradi.

Eslatib o‘tamiz, bolaga otasining ismi bo‘yicha familiya berish imkoniyatini nazarda tutuvchi qonun loyihasi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi tomonidan joriy yilning yanvar oyida birinchi o‘qishda qabul qilingan edi.

Chat