Huquqiy maslahat - bepul,tezkor, hammaga!

1 sentyabrdan O‘zbekistonda nimalar o‘zgaradi

  • 28.08.2026
  • 21 marta o'qildi

2026 yil 1 sentyabrdan O‘zbekistonda qonunchilikdagi qator o‘zgarishlar kuchga kiradi. Ish haqi va stipendiyalar, transport, taʼlim, turizm, ijtimoiy himoya, madaniyat va boshqa shular jumlasidandir.


1 sentyabrdan quyidagi o‘zgarish va yangiliklar kuchga kiradi:

1. 
Byudjet tashkilotlari xodimlarining ish haqi va stipendiyalar miqdori 7 foizga oshiriladi. 

2. Eng kam ish haqi, bazaviy hisoblash miqdori, davlat bojlari va yakka tartibdagi tadbirkorlar uchun ijtimoiy soliq miqdori oshiriladi. Eng kam ish haqi 1,36 mln so‘mni tashkil etadi. Bazaviy hisoblash miqdori 412 ming so‘mdan 440 ming so‘mga oshiriladi.

3. Alohida taʼlim ehtiyojlariga ega bo‘lgan bolalarni taʼlimga jalb qilish bo‘yicha “oilabay” tizimi joriy etiladi. Ijtimoiy xodim ota-onalarga taʼlim va ijtimoiy xizmatlardan foydalanishda ko‘maklashadi.

4. Korreksion sinfga ega nodavlat maktablarga ushbu sinflarda tahsil olayotgan har bir o‘quvchi uchun subsidiya ajratiladi.

5. Odam savdosidan jabrlangan shaxslarning murojaatlari “1146” ishonch telefoni orqali qabul qilinadi. Ularga ijtimoiy, psixologik, huquqiy va boshqa masalalar bo‘yicha maslahat beriladi.

6. Turizmni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi hisobidan xorijiy davlatlardan taklif etiladigan turoperatorlar vakillarining transport, yashash va ovqatlanish xarajatlarining bir qismi qoplab beriladi. Shuningdek, mahalliy turoperatorlarning xorijda axborot-tushuntirish tadbirlarini o‘tkazish xarajatlarining 25 foizigacha, biroq 500 mln so‘mdan oshmagan miqdorda kompensatsiya beriladi.

7. Gaz balloni uskunasi (GBO) texnik ko‘rigidan o‘tmagan avtomobillarga gaz quyish taqiqlanadi.

8. Barcha turdagi AYOQSH va gaz quyish shoxobchalarida, shuningdek, yoqilg‘idan o‘z ehtiyojlari uchun foydalanadigan obyektlarda xizmat muddati o‘tgan yoki ishlab chiqarilgan sanasi nomaʼlum bo‘lgan, meʼyordan ortiq bosim ostida ishlaydigan uskunalardan foydalanish cheklanadi.

9. 17 sentyabrga qadar qator korxona va tashkilotlar alkogolli ichimliklar hamda tamaki mahsulotlarini isteʼmol qilishning zarari haqidagi yangi axborot panellarini tayyorlashi va joylashtirishi kerak.

10. Avtomatlashtirilgan to‘lov tizimi terminallari bilan jihozlangan avtobuslarda yo‘lovchilar yo‘l haqini avtobusga chiqish vaqtida to‘lashlari shart.

11. Poytaxt jamoat transporti va shahar atrofi temiryo‘l yo‘nalishlarida yo‘l haqini to‘lashning integratsiyalashgan tizimi joriy etiladi. Jumladan, «elektropoyezd — avtobus» va «elektropoyezd — metro» tarif rejalari ishlaydi.

12. Asosiy faoliyati konsert-tomosha tadbirlari, kinematografiya, bolalar uchun kontent yaratishdan iborat bo‘lgan subyektlar, nodavlat teatrlar va teatr-studiyalar, shuningdek, madaniyat va sanʼat yo‘nalishidagi xususiy taʼlim tashkilotlari QQS, foyda solig‘i, aylanmadan olinadigan soliq, yer solig‘i va mol-mulk solig‘idan ozod qilinadi. Ularda faoliyat yurituvchi xodimlar esa jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘idan ozod etiladi.

13. Byudjetdan moliyalashtiriladigan teatrlar va konsert-tomosha muassasalarida faoliyat yurituvchi raqs jamoalarining badiiy rahbari, baletmeyster, repetitor va balet artistlarining lavozim maoshini belgilashda qo‘llaniladigan tarif koeffitsiyentlari 2 baravarga oshiriladi.

14. 18 yosh va undan katta, «chuqur darajadagi aqliy zaiflik» tashxisi qo‘yilgan shaxslarni parvarish qilayotgan qonuniy vakilga har oyda tashqi yordamga muhtoj 18 yoshgacha bo‘lgan nogironligi bo‘lgan bolaning qonuniy vakiliga to‘lanadigan parvarish nafaqasi miqdorida nafaqa beriladi.

15. Sport maktablari xodimlarining bazaviy lavozim maoshiga ommaviy sport tadbirlarida ishtirokchilarni rivojlantirish va saralash ishlari, shuningdek, sport natijalari uchun har oylik ustamalar to‘lanadi.

16. Uy-joyi bo‘lmagan shaxslarni sud qarori asosida ijtimoiy markazlarga joylashtirish tartibi bekor qilinadi. Ular faqat o‘z roziligi bilan joylashtiriladi hamda vaqtinchalik turar joy, oziq-ovqat va shaxsiy gigiyena vositalari bilan taʼminlanadi.

17. Uy-joyi bo‘lmagan shaxslarni ish bilan taʼminlash yangi tartib asosida amalga oshiriladi:

  • tuman (shahar) obodonlashtirish boshqarmalaridagi ishchi, mutaxassis, muhandis-texnik va ishlab chiqarish xodimlari, birinchi navbatda, o‘z roziligi bilan Ijtimoiy markazlarga joylashtirilgan shaxslar hisobidan shakllantiriladi;

  • Ijtimoiy markazlar hududida tadbirkorlik subyektlari tomonidan qisqa muddatda o‘zlashtiriladigan va ishga joylashish imkoniyati yuqori bo‘lgan kasblarga o‘qitish uchun bandlik markazlari tashkil etiladi;

  • Ijtimoiy markazlar hududidagi bo‘sh turgan davlat ko‘chmas mulk obyektlari bandlik markazlarini tashkil etish istagida bo‘lgan yuridik shaxslar va yakka tartibdagi tadbirkorlarga 5 yilgacha bo‘lgan muddatga, tasarruf etish huquqisiz va uzaytirish imkoniyati bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri ijaraga beriladi. Toshkent shahrida ijara haqining eng kam miqdoriga nisbatan 0,25 koeffitsiyent qo‘llaniladi, boshqa hududlarda esa ijara haqining eng kam miqdori belgilanadi.

Chat