Huquqiy maslahat - bepul,tezkor, hammaga!

Profilaktika inspektorlari, YPX va PPX xodimlariga yangi vakolatlar berildi

  • 07.09.2026
  • 66 marta o'qildi

O‘zbekistonda jamoat xavfsizligini ta’minlash tizimida ichki ishlar organlari bo‘linmalari o‘rtasida vazifalar qayta taqsimlanmoqda. Profilaktika inspektorlari ayrim yo‘l qoidabuzarliklari uchun jazo qo‘llashi, PPX xodimlari tirbandliklarni bartaraf etishda qatnashishi, YPX xodimlari esa jamoat tartibini buzgan shaxslarni ushlashi mumkin bo‘ladi.


Prezidentning PQ–314-son qarori bilan ichki ishlar organlarining jamoat xavfsizligini ta’minlash faoliyatida yangi ishlash tizimi joriy etilmoqda. Unda profilaktika inspektorlari, patrul-post, qo‘riqlash va yo‘l-patrul xizmatlarining ayrim vazifa hamda vakolatlari kengaytirilgan.

Profilaktika inspektorlari birinchi marta sodir etilgan 17 turdagi kam ahamiyatli ma’muriy huquqbuzarlik bo‘yicha ogohlantirish jazosini qo‘llashi mumkin bo‘ladi. Shuningdek, ular mahalla ko‘cha va yo‘laklarida yo‘l harakati qoidalarini buzish bilan bog‘liq 4 turdagi huquqbuzarlik bo‘yicha ma’muriy jazo qo‘llash vakolatiga ega bo‘ladi.

Bundan tashqari, profilaktika inspektorlari tuman yoki shahar ichki ishlar organi boshlig‘i va uning o‘rinbosarlari vakolatida bo‘lgan 9 turdagi ma’muriy huquqbuzarlik ishlarini ham ko‘rib chiqishi mumkin bo‘ladi.

Inspektorlarning ish samaradorligini baholashda aholining ularga bo‘lgan ishonchi, xavf guruhidagi shaxslar bilan bog‘liq jinoyatlar hamda ma’muriy huquqbuzarliklarni takroran sodir etish holatlari asosiy mezonlardan bo‘ladi. Shu bilan birga, aholi ovoz berishi orqali profilaktika inspektoriga nisbatan “ishonchsizlik tashabbusi” bildirish mexanizmi ham joriy etiladi.

Yangi tartibga ko‘ra, profilaktika inspektoriga kasbiy vazifalaridan tashqari qo‘shimcha topshiriqlar yuklashga yo‘l qo‘yilmaydi. Uning xizmat vazifalarini bajarishiga to‘sqinlik qilganlik uchun esa ma’muriy javobgarlik belgilanadi.

Qaror bilan patrul-post va qo‘riqlash xizmatlariga ham yo‘l harakati xavfsizligi sohasida ayrim vakolatlar beriladi. Ular chorrahalar, bozorlar, yirik savdo majmualari, ta’lim muassasalari atrofi va markaziy ko‘chalarda yuzaga kelgan tirbandliklarni bartaraf etishda ishtirok etadi.

2026-yil 1-noyabrdan patrul-post va qo‘riqlash xizmati naryadlari “112” tizimi orqali kelgan jinoyat va hodisalar haqidagi xabarlarga tezkor yetib borish amaliyotini boshlaydi. Bu tartib aholi xonadonlarida sodir bo‘lgan holatlarga ham tatbiq etiladi.

Yo‘l-patrul xizmati xodimlarining vakolati ham kengaytiriladi. Ular ko‘cha va jamoat joylarida tartibga tajovuz qiluvchi huquqbuzarliklarni to‘xtatish, huquqbuzarlarni ta’qib qilish, ushlash va ichki ishlar organlariga olib borish huquqiga ega bo‘ladi.

Shuningdek, YPX xodimlari belgilanmagan joyga qattiq maishiy yoki qurilish chiqindilarini tashlash, suyuq maishiy chiqindilarni to‘kish hamda jamoat joyida alkogol mahsulotini iste’mol qilish bilan bog‘liq ayrim ma’muriy huquqbuzarliklarni ko‘rib chiqib, jazo qo‘llashi mumkin bo‘ladi.

Yangi tizimda asosiy maqsad turli xizmatlar o‘rtasidagi qat’iy chegarani qisqartirib, jinoyat, huquqbuzarlik yoki xavfli vaziyatga joyning o‘zida tezkor munosabat bildirish imkoniyatini kengaytirishdan iborat.

Chat