Huquqiy maslahat - bepul,tezkor, hammaga!

Sudyalikka nomzodlar uchun minimal yosh 30 yoshga tushirilishi mumkin

  • 08.09.2026
  • 21 marta o'qildi

O‘zbekistonda sudyalikka nomzodlarga qo‘yiladigan yosh talabi 35 yoshdan 30 yoshga tushirilishi taklif etilmoqda. Shuningdek, sudyalarni dastlab 5 yilga, keyin esa muddatsiz davrga tayinlash tartibini joriy etish rejalashtirilgan.


Oliy Majlis Qonunchilik palatasida “Sudyalarning maqomi to‘g‘risida”gi qonun loyihasi birinchi o‘qishda ko‘rib chiqildi. Hujjat sudyalarning huquqiy maqomi, ularga qo‘yiladigan talablar va ijtimoiy kafolatlarni alohida qonun darajasida belgilashni nazarda tutadi.

Loyihada sudyalikka nomzodlar uchun amaldagi 35 yoshli minimal yosh chegarasini 30 yoshga tushirish taklif qilinmoqda. Sudyalarni lavozimga tayinlash tartibi ham qayta ko‘rib chiqilishi mumkin.

Sudyani dastlab 5 yil muddatga tayinlash, keyinchalik esa uning vakolat muddatini cheklamasdan lavozimga tayinlash tartibini joriy etish nazarda tutilmoqda.

Shu bilan birga, sudya, sud raisi va uning o‘rinbosari lavozimiga nomzodlarga qo‘yiladigan boshqa talablarni kuchaytirish ham ko‘zda tutilgan.

Qonunchilikda “iste’fodagi sudya” institutini joriy etish ham taklif qilinmoqda. Bunday sudyalarga qonunda belgilanadigan boshqa huquqlar bilan bir qatorda professional mediatorlik faoliyati bilan shug‘ullanish imkoniyatini berish rejalashtirilgan.

Loyiha sudyalarning mustaqilligini mustahkamlash, ularning huquqiy va ijtimoiy himoyasini kuchaytirishga qaratilgan.

Hujjatda Oliy sud va quyi sudlar apparatlari ishini yanada samarali tashkil etish, shuningdek, sudyalar va ularning oila a’zolarini ijtimoiy himoya qilishga oid qator normalar ham nazarda tutilgan.

Chat