Prezident raisligida aholi bandligini ta’minlash va daromadlarini oshirish masalalari bo‘yicha o‘tkazilgan yig‘ilishda ko‘p qavatli uylarning birinchi qavatlaridan tadbirkorlik maqsadlarida foydalanish tartibini yengillashtirish masalasi muhokama qilindi.
Hozirda kvartiradan savdo yoki xizmat ko‘rsatish obyekti sifatida foydalanish uchun uni noturar joy toifasiga o‘tkazish talab etiladi. Yig‘ilishda ushbu jarayon ortiqcha kelishuv va ruxsat berish tartiblarini talab qilayotgani qayd etildi.
Taklifga ko‘ra, birinchi qavatdagi kvartiralarda ayrim turdagi biznes faoliyatini noturar joyga o‘tkazmasdan, xabardor qilish asosida amalga oshirish mumkin bo‘ladi.
Bunday binolarda sartaroshxona, go‘zallik saloni, kichik do‘kon, atelye, poyabzal va maishiy texnika ta’mirlash ustaxonasi kabi aholiga yaqin xizmat turlarini tashkil etish mumkinligi ko‘rsatib o‘tildi.
Shu bilan birga, har qanday faoliyatga avtomatik ravishda ruxsat berilishi nazarda tutilmagan.
Mas’ullarga bir oy muddatda birinchi qavatdagi kvartiralarda ruxsat etiladigan xizmat turlari ro‘yxatini hamda bunday obyektlarga qo‘yiladigan xavfsizlik talablarini ishlab chiqish topshirildi.
Shuningdek, hududlarda to‘liq foydalanilmayotgan va bo‘sh turgan bino hamda yer uchastkalarini aniqlab, ularni yangi ishlab chiqarish va xizmat ko‘rsatish loyihalari bilan bog‘lash vazifasi belgilandi. Tuman va mahallalardagi serqatnov ko‘chalarda tadbirkorlik obyektlarini master-rejalar asosida joylashtirish ko‘zda tutilmoqda.
Hozircha ushbu yangi tartib kuchga kirmagan. Uning aniq qoidalari, ruxsat etiladigan faoliyat turlari va xavfsizlik talablari tegishli hujjatlar qabul qilinganidan keyin ma’lum bo‘ladi.