Huquqiy maslahat - bepul,tezkor, hammaga!

O‘zbekistonda tungi vaqtda me’yordan ortiq shovqinga cheklov belgilandi

  • 11.09.2026
  • 65 marta o'qildi

Prezident “Aholini shovqinning zararli ta’siridan himoya qilish to‘g‘risida”gi Qonunni imzoladi. Endilikda ish kunlari soat 23:00 dan 07:00 gacha, dam olish va ishlanmaydigan bayram kunlari esa 22:00 dan 09:00 gacha fuqarolarning osoyishtaligini buzadigan me’yordan ortiq shovqinga yo‘l qo‘yilmaydi.


2026-yil 9-sentabrda “Aholini shovqinning zararli ta’siridan himoya qilish to‘g‘risida”gi O‘RQ–1171-son Qonun qabul qilindi. Hujjat aholining osoyishtaligi, normal dam olishi va salomatligini shovqinning zararli ta’siridan himoya qilishning yagona huquqiy mexanizmlarini belgilaydi.

Qonunga ko‘ra, insonni sezilarli darajada bezovta qilmaydigan, organizmning funksional tizimlari va shovqinga sezgir a’zolarida jiddiy o‘zgarishlarga olib kelmaydigan hamda sanitariya qoidalari va normalarida belgilangan shovqin miqdori yo‘l qo‘yiladigan daraja hisoblanadi.

Ish kunlari — soat 23:00 dan 07:00 gacha, dam olish va ishlanmaydigan bayram kunlari esa 22:00 dan 09:00 gacha me’yordan yuqori shovqin orqali fuqarolarning osoyishtaligi va normal dam olishini buzish taqiqlanadi.

Yangi talablar faqat baland musiqa yoki maishiy shovqin bilan cheklanmaydi. Qonunda turar joy hududida odamlarning maishiy va xo‘jalik faoliyati natijasida paydo bo‘ladigan shovqinlar, qurilish maydonlaridagi ishlar, qurilish texnikasi va transport vositalari, shuningdek, turli transport vositalarining harakati natijasida kelib chiqadigan shovqinlar ham nazarda tutilgan.

Aholini shovqinning zararli ta’siridan himoya qilish sohasida vakolatli davlat organi sifatida Sog‘liqni saqlash vazirligi huzuridagi Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasi belgilandi.

Shovqinning zararli ta’siri natijasida shaxsga zarar yetkazilgan taqdirda, uning uchun kompensatsiyani sud tartibida talab qilish mumkin bo‘ladi.

Shu tariqa, yangi qonun fuqarolarga nafaqat tinchlik va dam olish vaqtida himoya kafolatlarini belgilaydi, balki me’yordan ortiq shovqin salbiy oqibatlarga olib kelgan hollarda huquqlarini sud orqali himoya qilish imkoniyatini ham beradi.

Qonun rasmiy e’lon qilinganidan uch oy o‘tgach kuchga kiradi.

Huquqiy asoslar

“Aholini shovqinning zararli ta’siridan himoya qilish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasining 2026-yil 9-sentabrdagi O‘RQ–1171-son Qonuni.

Chat